— Uning ichki ishtonda kelganini ko‘ruvdingmi? — sovuqqina so‘radi xo‘jayin.
— Axir, Archibald Archibaldovich, — dag‘-dag‘ qaltirab javob qildi shveytsar, — u kishi MASSOLIT a’zosi bo‘lsalar, qanday kiritmayman?
— Uning ichki ishtonda kelganini ko‘ruvdingmi, deyapman? — deb takrorladi xo‘jayin.
— Axir o‘zingiz o‘ylang, Archibald Archibaldovich, — derdi lavlagiday qizargan eshikog‘asi, — men nima ham qila olardim? To‘g‘ri, tushunaman, rovonda xonimlar o‘tiripti…
— Xonimlarning bunga daxli yo‘q, ularga baribir, — derdi xo‘jayin ko‘zlari bilan eshikog‘asini yeb yuborguday bo‘lib, — lekin militsiyaga baribir emas! Ichki kiyimdagi odam Moskva ko‘chalarida faqat bitta vaziyatda yurishi mumkin — agar uni militsiya kuzatib borayotgan bo‘lsa va faqat militsiya bo‘limiga kuzatib borayotgan bo‘lsa! Lekin sen, agar eshikog‘asi ekansan, shuni bilishing kerakki, bunday odamni ko‘rgan zahoting, bir zum ham o‘ylab o‘tirmay, hushtak chalishing kerak edi. Eshityapsanmi gapimni?
Esi og‘ib qolgan eshikog‘asi rovon yokda bir nimaning gumburlab ketganini, idishlarning chil-chil singani va ayollarning chinqirganini eshitdi.
— Xo‘sh, endi seni nima qilishim kerak, a? — so‘radi xo‘jayin.
Eshikog‘asining rangi quv o‘chib ketdi, ko‘zlari xiralashdi… tizzalari qaltiray boshladi. Lekin endi xo‘jayinning unga rahmi kelib, ko‘zlaridagi alangani o‘chirdi.
— Bilib qo‘y, Nikolay! Bu oxirgi marta kechirishim. Bunaqa eshikog‘asi restoranimizga tekinga ham kerak emas. Sen cherkovga borib, qorovullikka yollan. — Shu tanbehdan keyin u xuddi komandirlardek tez va aniq-aniq buyruq bera boshladi: — Bufetdan Panteleyni chaqir. Militsionerga xabar qilsin. Protokol yozinglar. Mashina chaqirtir. Psixiatriya shifoxonasiga jo‘natinglar. — So‘ng ilova qildi: — Chal hushtagingni!
Yana chorak soatdan keyin, nainki restorandagi, shuningdek, butun xiyobondagi va derazalari restoran bog‘iga ochiladigan uylardagi odamlar Panteley, eshikog‘asi, militsioner, ofitsiant hamda shoir Ryuxinning Griboedov darvozasidan xuddi chaqaloqqa o‘xshatib yo‘rgaklangan bir yosh yigitni ko‘tarib chiqishayotganini ko‘rib, hangu mang bo‘lib qolishdi: yo‘rgaklangan yigit ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, nuqul Ryuxinni poylab, aftiga tupurarkan, yig‘idan entika-entika baqirardi:
— Ablah!
Yuk mashinasining badjahl qiyofali shofyori motorni yurgiza boshladi. Mashina yonida turgan uchar izvoshchi ochbinafsharang tizgin bilan otining sag‘risiga urib, uni tezlarkan:
— Mana chopqir ot! Jinnixonaga biz oboramizda! — deb qichqirardi.
Atrofda olomon yuz bergan hodisa haqida shang‘illardi: xullas, bu jirkanch, razil, vasvasaga soluvchi, qabih g‘alva yuk mashinasi sho‘rlik Ivan Nikolaevichni, militsionerni, Panteley va Ryuxinlarni Griboedov darvozasidan uzoqlatib olib ketgandan keyingina barham yedi.
Oltinchi bob
SHIZOFRENIYA DEGANLARI TO‘G‘RI CHIQDI
Moskva yaqinida, daryo bo‘yida keyingi paytlarda qurilib, dovrug‘i ketgan psixiatrik shifoxonaning qabulxonasiga oq xalat kiygan cho‘qqisoqol odam kirib kelganida vaqt tungi soat bir yarim edi. Uchta sanitar divanda o‘tirgan Ivan Nikolaevichdan ko‘z uzmay shay turishardi. Qattiq hayajonlangan shoir Ryuxin ham shu yerda edi. Ivan Nikolaevichning oyoq-qo‘li bog‘lab kelingan sochiqlar endi shu divanda bir to‘p bo‘lib uyulib yotardi.
Ryuxin kirgan odamni ko‘rdi-yu rangi oqarib ketdi, tomoq qirib qo‘yib, qo‘rqa-pisa dedi:
— Salom, doktor.
Doktor Ryuxinning salomiga bosh egib javob qildi, lekin bosh egarkan, unga emas, Ivan Nikolaevichga qaradi.
Shoir qoshlarini uyib, tumshaygancha qilt etmay o‘tirardi, hatto vrach kirib kelganida ham unga qiyo boqmadi.
Ryuxin Ivan Nikolaevich tomonga hadiksirab ko‘z qirini tashlarkan, negadir xuddi bir sirni ochayotganday pichirlab dedi:
— Mana, doktor, bu kishi — taniqli shoir Ivan Bezdomniy… mana, bir ko‘rib qo‘ysangiz… ruhiy kasallikka chalinmaganmikin deb qo‘rqyapmiz…
— Ko‘p icharmidi? — gijir tishlari orasidan so‘radi doktor.
— Yo‘q, ichardi-yu, lekin judayam haligindaqa, ko‘p ichmasdi…
— Suvarak, kalamush, shaytonvachchalarni yoki mishiqi itlarni tutish bilan shug‘ullanmasmidi?
— Yo‘q, — seskanib ketib javob qildi Ryuxin, — uni kechayam, bugun ertalab ham ko‘ruvdim. Soppa-sog‘ edi…
— Nega ichki ishtonda? Yotgan yerida qo‘lga oldinglarmi?
— U restoranga shu alpozda kirib bordi, doktor…
— Ihi, ihi, — dedi doktor qanoat hosil qilib, — nega yuzi shilingan? Birov bilan urishdimi?
— Devordan yiqilib tushipti, keyin restoranda bir odamni urdi… yana ba’zi birovlarni…
— Ha, tushunarli, tushunarli, — dedi doktor, so‘ng Ivan tomonga o‘girilib dedi: — Salom!
— Salom, zararkunanda! — jahl bilan baralla javob qildi Ivan.
Ryuxin judayam qattiq xijolat bo‘lganidan muloyim tabiat doktorga boshini ko‘tarib qarashga jur’at eta olmadi. Lekin doktor hech ham xafa bo‘lmadi, chaqqonlik bilan ko‘zoynagini ko‘zidan oddida, xalatining etagini ko‘tarib, shimining orqa cho‘ntagiga solib qo‘ydi, so‘ng Ivanga savol berdi:
— Yoshingiz nechada?
— Borlaring-e, jin ursin hammalaringni! — deb dag‘dag‘a qildi Ivan va yuzini teskari o‘girib oldi.