— Nega achchig‘ingiz chiqyapti? Axir sizni ranjitadigan gap aytmadim-ku!
— Yoshim yigirma uchda, — asabiylashib gapira boshladi Ivan. — Hammalaringning ustingdan shikoyat qilaman. Ayniqsa, sening ustingdan, maraz! — dedi u Ryuxinga alohida yuzlanib.
— Xo‘sh, nima deb shikoyat qilmoqchisiz?
— Meni, soppa-sog‘ odamni tugib, jinnixonaga zo‘rlik bilan sudrab kelganingizni yozaman! — g‘azablanib dedi Ivan.
Shunda Ryuxin Ivanning yuziga tikilib qaradiyu, yuragi orqasiga tortib ketdi: unipg ko‘zlarida telbalikdan asar ham yo‘q edi. Griboedovda xira bo‘lib ko‘ringan uning ko‘zlari, endi yana avvalgi holiga qaytib, porlab turardi.
«Yo tavba! — deb ko‘nglidan o‘tkazdi cho‘chib ketgan Ryuxin, — axir u soppa-sog‘-ku! Bu qanday bema’nilik? Nimaga olib keldik o‘zi uni bu yerga? Mutlaqo soppa-sog‘, faqat basharasi shilingan, xolos…».
— Siz, — deb bamaylixotir gap boshladi vrach oyog‘i yaltiroq oq kursiga o‘tirarkan, — jinnixonada emas, shifoxonadasiz, bu yerda sizni, agar zarurat bo‘lmasa, hech kim ushlab turmaydi.
Ivan Nikolaevich unga shubha bilan ko‘z qirini tashladi, lekin shundayam g‘o‘ldirab dedi:
— Xudoga shukur! Hayriyat, bitta sog‘ odam bor ekan shuncha ovsarlar orasida, ammo ularning ichida g‘irt ovsari — noshud va uquvsiz Sashka, albatta!
— Kim ekan o‘sha noshud Sashka? — deb so‘radi vrach.
— Anavida, Ryuxin! — javob qildi Ivan isqirt barmog‘i bilan Ryuxinga ishora qilib.
U g‘azabdan cho‘g‘dek qizarib ketdi.
«Minnatdor bo‘lish o‘rniga! — o‘kinch bilan o‘yladi u, — yaxshilikka yomonlik deb shuni aytadilarda! G‘irt ablah ekan!».
Ivan Nikolaevich shu topda Ryuxinning avra-astarini ag‘darib fosh qilmoqchi bo‘ldi shekilli:
— U tabiatan g‘irt quloqning o‘zginasi, — deb gapida davom etdi, — quloq bo‘lgandayam proletar niqobi bilan juda puxta niqoblangan quloq. Siz uning tumshaygan basharasiga qarang-u, yozgan she’rlari bilan muqoyasa qilib ko‘ring! He-he-he… lekin siz uning diliga nazar tashlang — nimalarni xayol qilayotganini bilsangiz… hayratga kelasiz! — Shunday deb turib Ivan Nikolaevich xunuk kulib yubordi.
Cho‘g‘dek qizarib ketgan Ryuxin og‘ir nafas olar va nuqul: do‘st deb bag‘rimga bosganim ilon bo‘lib chiqdi, men ashaddiy dushmanimga g‘amxo‘rlik qilgan ekanman, deb o‘ylardi. Yana eng chatoq tomoni: uni hech nima qilib bo‘lmasdi: axir ruhiy kasal bilan olisha olmaysan-ku?!
— O‘zi nima uchun sizni bu yerga olib kelishdi? — deb so‘radi vrach Bezdomniyning fosh qiluvchi gapini diqqat bilap tinglab bo‘lgach.
— E, ming la’nat bu haftafahmlarga! Tutib olib, allaqanday latta-puttalar bilan qo‘l-oyog‘imni bog‘lashdi-yu, yuk mashinasiga ortib olib kelaverishdi!
— Yana bir savol: nima uchun restoranga ichki kiyimda bordingiz?
— Buning hech hayron bo‘ladigan yeri yo‘q, — javob qildi Ivan. — Moskva daryosiga cho‘milgani boruvdim, kiyimlarimni o‘marib ketishipti, o‘rniga shu ro‘da-poni tashlab ketishipti! Axir Moskva ko‘chalaridan qip-yalang‘och o‘tolmasdimku? Boriga baraka deb kiyib oldim, chunki restoranga shoshayotuvdim, Griboedovga.
Vrach, tushunmadim, degandek Ryuxinga qaradi, u o‘shshaygancha g‘o‘ldirab tushuntirdi:
— Restoranning nomi shunaqa.
— Aha, — dedi vrach, — nimaga shoshilgandingiz? Biron ish yuzasidan uchrashuvingiz bormidi?
— Konsultantni qidirib yuribman, — javob qildi Ivan Nikolaevich va bezovtalanib olazarak bo‘ldi.
— Qanaqa konsultantni?
— Siz Berliozni bilasizmi? — so‘radi Ivan ma’nodor ohangda.
— Haligi… kompozitornimi? Ivanning ta’bi tirriq bo‘ldi.
— Qanaqa kompozitor? E, ha, yo‘q! yo‘q! Kompozitor — Misha Berlioz bilan familiyadosh!
Ryuxinning gapirishdan hafsalasi pir bo‘lgan edi, ammo izoh berishiga to‘g‘ri keldi.
— MASSOLIT sekretari Berliozni bugun kechqurun Patriarx ko‘li yaqinida tramvay bosib ketdi.
— Bilmagan narsangni gapirma! — dedi Ivan Ryuxindan achchig‘lanib, — sen emas, men shohidman bunga! U Mishani ataylab tramvayga ro‘para qildi!
— Itarib yubordimi?
— Nega endi «itarib yuborarkan?» — dedi odamlarning befarosatligidan achchig‘i chiqqan Ivan, — uning uchun itarvorishning hech hojati yo‘q! Uning qo‘lidan shunaqangi nayranglar keladiki, ehtiyot bo‘lmasang, holing xarob! U Berliozning tramvay tagiga tushishini oldindan aytib bergan edi!
— Sizdan boshqa yana hech kim ko‘rdimi o‘sha konsultantni?
— Hamma balo shunda-da, men bilan Berliozdan boshqa hech kim ko‘rgani yo‘q uni.
— Hm. Xo‘sh, o‘sha qotilni qo‘lga olish uchun qanday choralar ko‘rdingiz? — shunday deb turib vrach bir chekkada, stol yonida o‘tirgan, oq xalat kiygan ayol to-monga o‘tirildi. Ayol bir varaq qog‘oz olib, uning bo‘sh grafalarini yozuv bilan to‘ldira boshladi.
— Men ko‘rgan chorami? Oshxonadan sham olib oldim…
— Manavinimi? — deb so‘radi vrach ayol oldida stolda qog‘oz ikona bilan yonma-yon yotgan, mayishib ketgan sham bo‘lagini ko‘rsatib.
— Ha, shuni, keyin…
— Ikona nimaga kerak bo‘lib qoldi?