Bir quchoq sochiq ko‘tarib kirgan Ryuxin Archibald Archibaldovich tomonidan ochiq yuz bilan qarshi olin-diyu, shu zahoti la’nati latta-puttalardan ozod qilindi. Agar Ryuxin kasalxonada, so‘ng yuk mashinasida qaytayotganida ko‘p aziyat chekmaganida edi, shifoxonada bo‘lgan voqealarni turli uydirma va loflar bilan boyitib maroq bilan hikoya qilgan bo‘lardi. Lekin hozir bu narsa uning ko‘ngliga sig‘mas, bundan tashqari, Ryuxinda kuzatuvchanlik qobiliyatidan asar ham yo‘qligiga qaramay, yuk mashinasida chekkan yo‘l azobidan keyin, restoran xo‘jayinining yuziga endi birinchi marta tikilib qaradi, garchi Archibald Archibaldovich Bezdomniyning ahvolini surishtirayotgan, hatto «voy bechora-e!» — deb achinayotganday bo‘lsa ham, aslida Bezdomniyning taqdiri uni mutlaqo qiziqtirmayotgani, unga tariqcha ham achinmayotganini Ryuxin birinchi marta aniq his qila boshladi. «Qoyilman! To‘g‘ri qilasan!» — deb o‘yladi Ryuxin hayosizlarcha va g‘ajib tashlagudek adovat bilan, so‘ng shizofreniya haqida gapirishdan to‘xtab, iltimos qildi:

— Archibald Archibaldovich, qittay araq ichsam devdim…

Restoran sohibi soxta muruvvat bilan pichirladi:

— Tushundim… hozir… — u ofitsiantga imo qildi. Endi chorak soatdan keyin Ryuxin butun zalda yolg‘iz o‘zi bukchayib olib baliq yer, dam-badam ryumka to‘ldirib araq icharkan, o‘z hayotida endi hech nimani o‘zgartirib bo‘lmasligini, faqat unutish mumkinligini tushunar, e’tirof etardi.

O‘zgalar maishat bilan mashg‘ul bo‘lgan bir paytda, shoirning bu tuni hayf ketgan, endi uni qaytarish mumkin emasligini u tushunardi. Tun o‘gib ketganini apglash uchun osmonga bir nazar tashlashning o‘zi kifoya edi. Ofitsiantlar shoshqaloqlik bilan dasturxonlarni yig‘ishtirishardi. Ayvon oldida izg‘ib yur-gan mushuklar allaqachon yuzlarini yuvib olishgan edi. Shoirni ayovsiz uyqu bosa boshladi.

<p>Yettinchi bob</p><p>BEXOSIYAT KVARTIRA</p>

Agar ertasi kuni ertalab Styopa Lixodeevga: «Styopa! Agar hoziroq o‘rningdan turmasang, seni otib tashlashadi!» — deb aytishsa, u majolsiz ovoz bilan eshitilar-eshitilmas shunday degan bo‘lardi: «Mayli, otaveringlar, nima qilsanglar qilaveringlar, lekin turmayman».

O‘rnidan turish uyoqda tursin, ko‘z ochishga ham majoli yo‘qday edi, chunki agar u ko‘zini ochsa, shu zahoti chaqmoq chaqilib, boshini tilka-tilka qilib majaqlab yuborayotganday bo‘lardi. Uning miyasida ulkan bir qo‘ng‘iroq tinmay bong chalayotganday, ko‘z kosalari va qovoqlari oralig‘idan yam-yashil yaltiroq gardishli jigarrang dog‘lar suzib o‘tayotganday bo‘lar, buning ustiga-ustak, ko‘ngli muttasil behuzur bo‘lardiki, bu behuzurlik, kelib-kelib miyaga xira pashshadek o‘rnashib qolgan qandaydir patefon ovozidan vujudga kelayotgandek tuyulardi.

Styopa kecha yuz bergan voqeaning biron lavhasini eslashga urinib ko‘rdi, lekin faqat bir narsa esiga tushdi, xolos: chamasi, kecha u qaerdadir qo‘lida salfetka bilan qandaydir bir xonimni o‘pishga intilib, ertaga roppa-rosa tush paytida uyingizga mehmon bo‘lib boraman, deb va’da qilgandi. Xonim: «Yo‘q, yo‘q, men uyda bo‘lamayman!» — deb rad javobi berar, Styopa esa o‘z ahdida qattiq turib olib: «Men baribir boraveraman!» — derdi.

Styopa xonimning kimligini ham, hozir soat necha bo‘lg‘anini ham, bugun qaysi oyning qaysi kuni ekanligini ham mutlaqo bila olmasdi, eng yomoni: u o‘zining qaerda yotganini ham bilmasdi. U hech bo‘lmaganda, o‘zining qaerdaligini aniqlamoqchi bo‘lib, zilday og‘ir chap qovog‘ini zo‘r-bazo‘r ko‘tardi. G‘ira-shirada ko‘ziga bir nima yalt etib ko‘ringanday bo‘ldi. Styopa nihoyat uning toshoyna ekanligini, o‘zining esa o‘z yotoqxonasida karavotda, ya’ni bir vaqtlar zargar be-vasiniki bo‘lgan karavotda chalqancha yotganini bildi. Birdan uning miyasida shunday qattiq sanchiq turdiki, u ko‘zini yumib ingrab yubordi.

Izoh: Varete teatrining direktori Styopa Lixodeev Sadovaya ko‘chasida «p» shaklida tushgan olti qavatli uyda marhum Berlioz bilan bir kvartirada turardi — bugun ertalab u ko‘zini ochib, o‘zini shu yer-da ko‘rdi.

Shuni aytish kerakki, bu — 50-kvartira haqida ko‘pdan beri, yomon deb bo‘lmasa ham, juda alomat gaplar yurar edi. Bundan ikki yil muqaddam bu kvartira zargar de Fujerening bevasiga tegishli edi. Ellikka kirgan, uddaburon muhtarama Anna Frantsevna de Fujere xonim bu kvartiradagi besh xonadan uchtasini ikki oilaga ijaraga qo‘ygan edi: birinchi ijaragirning familiyasi Belomut edi shekilli, ikkinchisining familiyasi — saqlanmagan.

Shunday qilib, bundan ikki yil oldin bu kvartirada juda g‘aroyib voqealar yuz bera boshladi: bu yerda yashovchi odamlar birma-bir dom-daraksiz g‘oyib bo‘la boshlashdi.

Перейти на страницу:

Похожие книги