Dam olish kunlaridan birida bu kvartiraga bir militsioner kelib, ikkinchi ijaragirni (uning familiyasi saqlanmagan) dahlizga chaqiradida, allaqanday qog‘ozga imzo chekish uchun bir zumga militsiya bo‘limiga kirib chiqishni taklif qiladi unga. Ijaragir Anna Frantsevnaning sadoqatli uy xodimasi Anfisaga, birov telefon qilgudek bo‘lsa, o‘n minutda qaytib kelaman, deb tayinlab, oppoq qo‘lqop kiygan xushmuomala militsioner bilan chiqib ketadi. Lekin u nainki o‘n minutdan keyin, balki butunlay qaytib kelmaydi. Eng hayron qoladigan tomoni shundaki, u bilan birga militsioner ham bedarak yo‘qoladi.
Xudojo‘y, aniqroq qilib aytganda — juda irimchi bo‘lgan Anfisa ta’bi tirriq bo‘lib turgan Anna Frantsevnaga o‘z taxminini shartta aytadi-qo‘yadi:
— Bu g‘irt jodugarlikning o‘zi. Ijaragirniyam, militsionerniyam kim o‘g‘irlab ketganini men yaxshi bilaman, faqat hozir, qosh qorayganda gapirsam xosiyati yomon bo‘ladi..
Ma’lumki, jodugarlik boshlanmasin, bir boshlansa bormi, hech uning keti uzilmaydi. Ikkinchi ijaragir, esingizda bo‘lsa, dushanba kuni g‘oyib bo‘lgan edi, chorshanba kuni esa Belomut ham; xuddi yer yutganday, dom-daraksiz yo‘qoldi-qoldi, faqat boshqacha vaziyatda. Ertalab, har kungi odat bo‘yicha, uni ishga olib ketgani mashina keldi, uni olib ketdiyu, lekin hech kimni qaytarib olib kelmadi, mashinaning o‘zi ham boshqa qaytib kelmadi.
Belomut xonimning boshiga tushgan qayg‘u va fojiani ta’riflashga til lol. Ammo, taassufki, qayg‘u ham, fojia ham uzoq cho‘zilmadi. Anna Frantsevna Anfisa bilan shoshilinch bir ish yuzasidan dala hovlisiga borib, qaytib kelgan kuni tundayoq grajdanka Belomut kvartiradan g‘oyib bo‘ldi. Bu hali hammasi emas: er-xotin Belomutlar egallagan ikkita xonaning eshiklari muhrlangan edi.
Ikki kunni bir amallab o‘tkazishdi. Shu o‘tgan vaqt ichida hamisha uyqusizlikdan iztirob chekkan Anna Frantsevna, uchinchi kun deganda shoshilinch ravishda yana dala hovlisiga jo‘nab ketdi… Uning shu ketgancha boshqa qaytib kelmaganini aytmasa ham bo‘lar!
Butun kvartirada yolg‘iz o‘zi qolgan, yig‘layverib xun bo‘lib ketgan Anfisa kechasi soat ikkilarda uyquga yotdi. Shundan keyii unga nima bo‘lgani bizga mavhum, lekin boshqa kvartiralarda turuvchi odamlarning gapiga qaraganda, 50-kvartirada kechasi bilan qandaydir taraq-turuq ovozlar eshitilganmish, to tong otguncha uning derazalarida elektr chiroqlari o‘chmaganmish. Ertalab esa Anfisaning ham g‘oyib bo‘lgani ma’lum bo‘lipti!
G‘oyib bo‘lgan odamlar va qarg‘ish tekkan kvartira haqida ancha vaqtgacha har xil bo‘lmag‘ur mish-mishlar tarqalib yurdi, masalan, o‘sha jikkakkina xudojo‘y Anfisa go‘yo o‘zining taxtakachsimon ko‘ksida charm xaltachada Anna Frantsevnaga tegishli yigirma besh dona yirik-yirik dur olib yurganmish. Go‘yo Anna Frantsevna serqatnov bo‘lib qolgan o‘sha dala hovlidagi o‘tinxonada ham o‘sha durlar qabilidagi qandaydir behisob javohirot, shuningdek, podsho zamonidan qolgan oltin tangalaru… yana shu singari boshqa boyliklar o‘z-o‘zidan topilganmish. Lekin ko‘rmagan narsamizga kafolat berolmaymiz.
Harna bo‘lgandayam, bu kvartira atigi bir haftagina muhrlanib bo‘sh qoldi, keyin unga marhum Berlioz o‘z xotini bilan va shu Styopa (u ham xotini bilan) ko‘chib kirishgan edi. Turgan gapki, bu mash’um kvartiraga ko‘chib kirishlari bilan ularning ham boshiga g‘ayritabiiy savdolar tusha boshladi. Ya’ni bir oy ichida ikkala xotin ham g‘oyib bo‘ldi. Lekin endi bular dom-daraksiz yo‘qolishmagandi. Berliozning xotinini go‘yo Xarkovda qandaydir bir baletmeyster bilan ko‘rish-ganmish. Styopaning xotinini esa go‘yo Bojedomkada ko‘rishganmish, negaki, mish-mishlarga qaraganda Varete direktori Styopa o‘zining behisob tanish-bilishlari orqali ish qilib, Sadovaya ko‘chasida qorangni ko‘rmasam bo‘lgani, degan shart bilan xotiniga bir xona to‘g‘rilabdi.
Shunday qilib, Styopa ingradi. U uy xodimasi Grunyani chaqirib, undan piramidon so‘ramoqchi bo‘ldi, lekin bu ishi g‘irt bema’nilik bo‘lishiga, xayriyat, aqli yetdi… Chunki Grunyada hech qanday piramidon yo‘q edi, albatta. Keyin Berliozni yordamga chaqirmoqchi bo‘lib ko‘rdi, ikki marta zo‘rg‘a: «Misha… Misha…» — deb ingradi, lekin, o‘zingiz yaxshi tushuiasiz, hech qanday javob bo‘lmadi. Kvartira suv quygandek jim-jit edi.
Styopa oyoq barmoqlarini qimirlatib ko‘rib, paypog‘ini yechmay yotganligini bildi, u egnida kiyimi bor yo yo‘qligini aniqlash uchun titroq qo‘lini yonboshiga yubordi, lekin hech nimani aniqlay olmadi.
Nihoyat, u o‘zining yolg‘iz va qarovsiz ekanligini, hech kim unga yordam qilmasligini bilgach, qanchalik qiynalib bo‘lsa ham, o‘rnidan turishga ahd qildi.
Styopa yopishib qolgan qovokdarini zo‘r-bazo‘r ochib, toshoynada sochlari har tomonga tarvaqaylagan, hammayog‘ini tuk bosib ketgan, basharasi shishib, ko‘zlari yumilib qolgan, egnida isqirt ko‘ylak, ichki ishton, bo‘ynida galstuk, oyog‘ida paypoq bo‘lgan bir odamning aksini ko‘rdi.
U o‘zini toshoynada shunday qiyofada ko‘rgan edi, ko‘zgu yonida esa egniga qora libos, boshiga qora beret kiygan notanish bir odam turardi.