Styopa o‘rnidan turib o‘tirdi va qon quyilgan ko‘zlarini imkoni boricha kattaroq ochib notanish odamga tikildi.

Shu notanish odam ajnabiylarga xos talaffuz bilan bo‘g‘iq va vazmin ovozda sukutni buzdi:

— Salom, dunyoda eng yoqimtoy inson Stepan Bogdanovich!

Styopa butun kuchini ishga solib, bir oz sukutdan so‘ng zo‘rg‘a:

— Nima istaysiz mendan? — deb gap boshlagan edi, o‘z ovozini taniy olmay hang-mang bo‘lib qoldi. «Nima» so‘zi chiyillab, «istaysiz» so‘zi — do‘rillab chiqdi, «mendan» so‘zi esa ichida qolib ketdi.

Begona odam do‘stona jilmayib qo‘yib, qopqog‘ida uch burchak shaklli olmosi bo‘lgan kattakon oltin soatini qo‘liga oldi, soat o‘n bir marta zang chaddi.

— Soat o‘n bir! — dedi u. — Rosa bir soatdan beri uyg‘onishingizni kutib turibman, zero, siz meni uyingizda soat o‘nda kutmoqchi edingiz. Mana keldim!

Styopa qo‘li bilan paypaslab, karavot yonida turgan stuldan shimini topdi va:

— Afv etasiz… — deb pichirlab shimni kiyvoldi, so‘ng hirqiroq ovoz bilan so‘radi: — Iltimos, familiyangizni aytsangiz!

U gapirishga qiynalardi. Har bitta so‘zni aytganida kimdir uning miyasiga igna sanchib, uni jahannam azobiga solayotganday bo‘lardi:

— Ie! Hali familiyamniyam unutib qo‘ydingizmi? — deb begona odam jilmaydi.

— Kechirasiz… — deb xirilladi karaxtlikning yangi alomatlari vujudga kelayotganini his qila boshlagan Styopa; uning nazarida, oyog‘i ostidagi pol birdan g‘oyib bo‘lganday va shu topdayoq jahannam qa’riga mukkasi bilan sho‘ng‘ib ketadigandek bo‘lib tuyuldi.

— Azizim Stepan Bogdanovich, — deb gap boshladi sezgir mehmon jilmayib, — hech qanaqa piramidon naf bermaydi sizga. Siz ko‘hna taomilga amal qiling, ya’ni achchiqni achchiq kesadi qabilida ish ko‘ring. Hozir sizni hushingizga keltiradigan yagona davo ikki qultum araq bilan achchiq va qaynoq gazak.

Styopa ayyor odam edi, shu bois, og‘ir betob bo‘lishiga qaramay, baski ahvolimga shohid bo‘lishgan ekan, hammasini tan olishim kerak, deb mulohaza qiddi.

— Ochig‘i, — dedi u zo‘rg‘a tili aylanib, — kecha men qittay…

— Bo‘ldi, bo‘ldi, hammasi tushunarli! — dedi mehmon va o‘zi o‘tirgan kreslo bilan birga bir chetga surildi.

Shunda Styopa kichkinagina stolchada yasatig‘liq patnisni ko‘rib baqrayib qoldi: patnisda kesilgan oq non, likopchada qora ikra, tarelkada qo‘ziqorin ochori, yana kastryulchadayam bir nima bor edi, bundan tashqari, zargar bevasining qorindor grafinida araq qo‘yilgan edi. Hammadan ham grafinning sovukdan terlaganligi Styopani ko‘proq taajjubda qoldirdi. Lekin buning sababi ma’lum edi: grafin muz to‘ldirilgan chinni tog‘orachaga o‘rnatilgan edi. Qisqasi, dasturxon badastir, ozoda qilib tuzalgan edi.

Begona odam Styopa hayratining avj olib, eng yuqori pardaga chiqishiga imkon bermay, epchillik bilan unga yarim qadah araq quydi.

— O‘zingiz-chi? — deb chiyilladi Styopa.

— Bajonu dil!!

Styopa qaltiroq qo‘li bilan qadahni og‘ziga olib bordi, mehmon esa o‘z qadahidagi araqni bir qultum qilib yutib yubordi. Styopa ikra kavshab, gazak qilarkan, qiynalib zo‘rg‘a dedi:

— Siz-chi?.. Gazakdan?

— Minnatdorman, men hech qachon gazak qilmayman, — dedi begona odam va qadahlarga yana araq quydi. Kastryulning qopqog‘ini ochishdi — unda tomatga solingan sosiska bor edi.

Mana, oxiri Styopaning ko‘z oldini to‘sgan la’nati yashil rang g‘oyib bo‘lib, tili kalimaga kela boshladi, eng muhimi, ba’zi bir narsalar uning esiga tushdi. Darhaqiqat, voqea kuni kecha Sxodnyada, sketchnavis Xustovning dala hovlisida bo‘lgan edi. Styopani u yerga o‘sha Xustovning o‘zi taksida olib borgan edi. Hatto o‘sha taksini «Metropol» oldida qanday yollashgani ham esiga tushdi, ular bilan birga yana qandaydir bir aktyor ham bormidiey… patefon ko‘tarib olgan. Ha, ha, to‘g‘ri, dala hovlida bo‘lgan edi bu! Yana esida, patefon ovoziga jo‘r bo‘lib itlar uv tortishgandi. Lekin Styopa o‘pmoqchi bo‘lgan xonim mavhumligicha qoldi… Tavba, kim bo‘ldiykin-a… radioda ishlaydi shekilli, ehtimol undaymasdir.

Shu tariqa kechagi kun oz-ozdan oydinlasha boshladi, lekin hozir Styopani ko‘proq bugungi kun, xususan, bu notanish odamning qanday qilib u yotgan xonaga kirib qolgani, yana araq bilan gazakning qaerdan kelgani qiziqtirayotgan edi. Ana shu masalani aniqlab olsa yomon bo‘lmasdi-da!

— Xo‘sh, qalay, endi eslagan bo‘lsangiz kerak familiyamni?

Lekin Styopa xijolat bo‘lib tirjaydi va qo‘llarini yoydi.

— Afsus! Sezib turibman, siz arakdan keyin portveyn ichibsiz! Axir bu yaxshi emas-ku, taqsirim!

— Iltimos qilaman sizdan, shu gap o‘rtamizda qolsa… — dedi xushomad bilan Styopa.

— O, albatta, albatta! Lekin turgan gapki, Xustov uchun kafolat bera olmayman.

— Ie, siz Xustovni taniysizmi?

— Kecha sizning kabinetingizda ko‘zim tushgan edi o‘sha nusxaga. Uning maraz, fitnachi, munofiq va laganbardor ekanligini tushunish uchun bir marta unga ko‘z qirini tashlashning o‘zi kifoya.

«Juda to‘g‘ri gapirdi!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Styopa, Xustovga berilgan bunday to‘g‘ri, aniq va lo‘nda ta’rifdan hayratga kelib.

Перейти на страницу:

Похожие книги