Lekin uzoq vaqt qayg‘urishga imkon bo‘lmadi, Styopa Varetening moliya direktori Rimskiyning kabinetiga qo‘ng‘iroq qildi. Styopa juda qaltis ahvolga tushib qolgan edi: avvalambor Styopaning, shartnomani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin ham ishonmay tekshira boshlaganidan ajnabiy artist ranjishi mumkin edi, undan keyin, moliya direktori bilan ham bu haqda gap boshlash nihoyatda mushkul edi. Darhaqiqat, axir undan: «Ayting-chi, kecha men sehrgarlik professori bilan o‘ttiz besh ming so‘mga shartnoma tuzganmidim?» — deb so‘ray olmasdi-ku! Qanday tili borsin bunday deb so‘rashga?
— Ha! — telefon trubkasida Rimskiyning dag‘al va xunuk ovozi eshitildi.
— Salom, Grigoriy Danilovich, — ohista gap boshladi Styopa, — Lixodeevman. Gap bunday… hm… hm… haligi… e… artist Voland keluvdi uyimga… Haligi… sizdan so‘ramoqchiydim, bugun kechqurungi spektakl masalasi qanday ahvolda?..
— Ha-a, sehrgarmi? — Rimskiyning ovozi eshitildi trubkada. — Afishalarni hozir olib kelishadi.
— Aha, — zaif ovoz bilan dedi Styopa, — xo‘p, ko‘rishguncha…
— O‘zingiz qachon kelasiz? — so‘radi Rimskiy.
— Yarim soatda boraman, — javob qildi Styopa va trubkani ilib qo‘yib, cho‘g‘dek qizigan boshini ikki qo‘li bilan siqdi. Voy, qanday ko‘ngilsizlik yuz berayozgan ekan-a! Xotiramga nima bo‘ldi o‘zi, grajdanlar? A?
Biroq dahlizda ortiq turib qolish noqulay edi, shu bois Styopa darhol bunday reja tuzdi: qanday qilib bo‘lmasin, o‘zining faromushxotirligini mehmonga sezdirmasligi kerak, hozir esa birinchi navbatda, ajnabiy professordan, bugun kechqurun Styopaning qo‘l ostidagi Varete teatrida, xususan, nimalarni namoyish qilmoqchi ekanligini ustalik bilan surishtirib bilib olishi kerak.
Shunday reja bilan Styopa telefon apparatidan o‘grildi, o‘grildi-yu shu dahlizda turgan, ishyoqmas Grunya ko‘pdan changini artmagan katta ko‘zguda ko‘ziga pepsne taqqan, bo‘yi terakday keladigan antiqa bir nusxani aniq ko‘rdi (o, qaniydi hozir bu yerda Ivan Nikolaevich bo‘lsa! U bir qarashda tanigan bo‘lardi bu nusxani!). Nusxa esa ko‘zguda bir ko‘rindiyu g‘oyib bo‘ldi. Cho‘chib ketgai Styopa dahlizga yanayam tikilibroq qaradi va hayajondan ikkinchi marta gandiraklab ket-di, chunki ko‘zguda kattakon qora mushuk yurib o‘tib, g‘oyib bo‘lgan edi.
Styoianing yuragi orqasiga tortib, gandiraklab ketdi.
«Nimalar bo‘lyapti o‘zi? — o‘yladi u. — Esimdan og‘yapman chog‘i? Qayoqdan paydo bo‘ldi o‘zi ko‘zgudagi akslar?!» — U dahlizga ko‘z yugurtirib chiqdi va ko‘rqib ketib baqirib yubordi:
— Grunya! Qanaqa mushuk sang‘ib yuripti bu yerda? Qayokdan kelib qoldi? U bilan birga yana allakim ham yuriptimi?
— Aslo bezovta bo‘lmang, Stepan Bogdanovich, — degan ovoz eshitiddi, lekin bu Grunyaning emas, balki yetoqxonada o‘tirgan mehmonning ovozi edi, — u mening mushugim. Hech aziyat chekmang. Grunya uyda yo‘q, men uni vatani Voronejga jo‘natib yubordim, negaki, shikoyat qilishicha, ko‘pdan beri unga otpusk bermagan ekansiz.
Bu so‘zlar shu qadar tasodifiy va tuturiqsiz ediki, Styopa, yanglish eshitdim, deb faraz qildi. U tamomila esankiragan holda yotoqxona tomon yugurdi-yu, xona eshigida dong qotib qoldi. Sochlari g‘imirlab gikkaya boshladi, peshonasida mayda-mayda ter tomchilari paydo bo‘ldi.
Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, xonada mehmon yolg‘iz emas, balki ulfatlari ham bor edi. Ikkinchi kresloda, hozirgina dahlizda «lip» etib ko‘ziga ko‘ringan o‘sha nusxa o‘tirardi. Endi u aniq ko‘zga tashlanardi: mo‘ylovi patsimon, pensnening bir ko‘zidagi shisha yaltillar, ikkinchi ko‘zida shisha yo‘q edi. Bu ham hali baharnav: zargar bevasining yumshoq kursisida uchinchi bir jonzod, ya’ni — bir panjasiga araq to‘ldirilgan qadah, ikkinchi panjasiga ziravorli qo‘ziqorin ilingan sanchqi ushlagan bahaybat gavdali bir qora mushuk betakalluf yalpayib o‘tirardi.
Bu xonadagi shundoq ham xira yonadigan chiroq Styopaning ko‘zi oldida so‘na boshladi. «Odam mana shunaqa jinni bo‘larkan-da!» — deb o‘yladi u eshik ke-sakisidan ushlab.
— Nazarimda, sal hayron bo‘lganga o‘xshaysizmi, azizim Stepan Bogdanovich? — deb so‘radi Voland tishlari tinmay takillayotgan Styopadan. — Holbuki, buning hech ajablanadigan yeri yo‘q. Bular mening mulozimlarim.
Bu payt mushuk araqni ichib yubordi, Styopaning kesaki ushlagan qo‘li sirpanib tusha boshladi.
— Xullas, mulozimlarimga joy kerak, — deb gapida davom etdi Voland, — binobarin, ichimizda kimdir bu kvartirada ortiqcha. Mening fikrimcha, o‘sha ortiqcha odam — aynan sizsiz!
— Shular, shular! — dedi takaga o‘xshab ma’rab katak shimli daroz odam Styopa haqida ko‘plik sonda gapirarkan. — Umuman, ular keyingi paytda ko‘p ifloslik qila boshladilar. Ichkilikbozlik, xotinbozlik bilan shug‘ullanyaptilar, o‘z mavqelaridan foydalanib ishlariga qo‘l urmay qo‘ydilar, to‘g‘risi, qo‘llaridan hech qanaqa ish kelmaydi o‘zi, chunki zimmalariga yuklangan ishga tariqcha ham tushunmaydilar. Rahbarlarni laqillatib kelmokdalar!
— Davlat mashinasini bekordai-bekorga zir yugurtiradi! — dedi qo‘ziqorin kavshab o‘tirgan mushuk ham chaqmachaqarlik qilib.