Garchi Ivan bu ayol bilan gaplashmaslikka axd qilgan bo‘lsa ham, yaraqlagan jo‘mrakdan vannaga sharillab suv oqayotganini ko‘rib, tilini tiya olmay, kinoya bilan dedi:
— Buni qara-ya! Xuddi «Metropol» deysan!
— E, yo‘q, — faxrlanib dedi ayol, — undan ham yaxshiroq. Bu yerdagi uskuna-jihozlar chet elda ham topilmaydi. Atayin shifoxonamizni ko‘rgani olimlaru vrachlar kelib turishadi. Bu yerda har kuni chet ellik turistlar bo‘lishadi.
Ivan «chet ellik turistlar» so‘zini eshitgan hamonoq kechagi konsultantni esladi. Kayfi buzilib, xo‘mraygancha so‘radi:
— Chet ellik turistlar… Muncha yaxshi ko‘rmasangizlar o‘sha chet ellik turistlarni? Men sizga aytsam, ular orasida har xil odamlar bo‘ladi. Masalan, kecha men bitta shunaqasi bilan tanishdimki, asti qo‘yaverasiz!
Shunday deb turib, sal bo‘lmasa Pontiy Pilat haqida gapirib yuboray dedi-yu, lekin gapini bu ayol uchun hech qanday hojati yo‘qligini, baribir undan hech qanday yordam kutib bo‘lmasligini tushunib, tilini tiydi.
Cho‘miltirilgan Ivan Nikolaevichga vannadan chikdan erkak kishi uchun zarur bo‘lgan hamma narsa: dazmollangan ko‘ylak, ichki ishton, paypoq berildi. Bulardan tashqari, yana boyagi ayol shkaf eshigini ochib, quli bilan ishora qilib so‘radi:
— Ustingizga nima kiyishni xohlaysiz — xalatmi yo pijamami?
Bu yangi yotoqqa zo‘rlab joylashtirilgan Ivan ayolning andishasizligidan hang-mang bo‘lib, indamay barmog‘i bilan qip-qizil paxmoq pijamaga ishora qildi.
Shundan keyin Ivan Nikolaevichni bo‘m-bo‘sh, sokin koridordan boshlab borib, judayam kattakon bir kabinetga olib kirdilar. Hayratomuz jihozlangan bu binodagi hamma narsaga istehzo bilan qarashga ahd qilgan Ivan kabinetiga kirgan hamonoq unga «oshxona-fabrika» deb nom qo‘ydi.
Buning sababi bor edi. Bu yerda ancha-muncha shkaflar, nikellangan yaltiroq asboblar qo‘yilgan oynavand shkafchalar tizilib turardi. Nihoyatda murakkab mos-lamali kreslolar, soyaboni yaltiroq qandaydir yapasqi chiroqlar, son-sanoqsiz shisha idishlar, gaz bilan yonuvchi gorelkalaru elektr simlariyu mutlaqo notanish bo‘lgan uskunalar bor edi bu kabinetda.
Bu yerda oq xalat kiygan uch kishi (ikki ayol va bir erkak) Ivan bilan shug‘ullana boshladi. Birinchi navbatda, Ivandan ba’zi narsalarni so‘rab bilib olish maqsadida uni burchakdagi stol oldiga boshlab borishdi. Ivan vaziyatni mulohaza qila boshladi. Uning uchun uchta yo‘l bor edi. Birinchi yo‘l: mana shu lampalaru ohanjamali buyumlarga tashlanib, hammasini chil-chil sindirib, bu yerda uni nohaq ushlab turishganiga shu tarzda norozilik bildirish edi — bu usul uni qattiq vasvasaga solayotgan edi. Biroq bugungi Ivan kechagi Ivandan anchagina farq qilardi, shunga ko‘ra bu birinchi yo‘l unga ancha shubhali ko‘rindi: xudo ko‘rsatma-sin, tag‘in anavilar quturgan jinni degan xayolga borishsa-ya. Shuning uchun Ivan birinchi yo‘lni rad etdi. Ikkinchi yo‘l ham bor edi: hoziroq konsultant va Pontiy Pilat haqida hikoya qilish kerak. Ammo kechagi tajribadan ma’lum bo‘ldiki, yo uning gaplariga ishonishmayapti, yo bo‘lmasa hikoyasini teskari ma’noda tushunishyapti. Shuning uchun Ivan bu yo‘ldan ham voz kechib, uchinchi yo‘lni, ya’ni mag‘rurona sukut saqlab, «o‘z qobig‘iga o‘ralib olishni» ma’qul ko‘rdi.
Ammo bu axdini to‘la amalga oshira olmadi, xohlasa-xohlamasa, bir qator savollarga uzoq-yuluk, bo‘lsa ham javob berishiga to‘g‘ri keldi.
Oqibat, Ivandan uning o‘tmishi haqida, hattoki taxminan o‘n besh yil burun qizilcha kasali bilan qay faslda va qanday og‘riganigacha surishtirib bilib olishdi. Ivanning javoblaridan anketaning butun bir sahifasi to‘lib, ikkinchi sahifaga o‘tildi, endi oq xalat kiygan ayol Ivanning qarindosh-urug‘lari to‘g‘risida surishtira boshladi. Xullas, tuturiqsiz ezmalik boshlandi: qarindoshlardan kimlar o‘lgan, qachon va nimadan o‘lgan, icharmidi, tanosil kasali bilan og‘rimaganmidi, hokazo va hokazo savollar. Savollar tugagach, kecha Patriarx ko‘lida sodir bo‘lgan voqeani so‘zlab berishni iltimos qilishdi, lekin uncha zo‘rlashmadi, Pontiy Pilat to‘g‘risida aytgan gapiga ajablanishmadi ham.
Shundan keyin Ivan ayoldan qutulib, erkak ixtiyoriga o‘tdi, u Ivan bilan boshqacha usulda muloqot qildi, undan hech nima to‘g‘risida so‘ramadi. U Ivanning haroratini o‘lchadi, tomirini ko‘rdi, allaqanday chiroq shu’lasini yo‘naltirib, ko‘zlarini tekshirdi. Keyin bu erkakka boshqa ayol yordamga keldi va Ivanning ikki kuragi orasiga bir nima bilan og‘riqsiz ukol qilishdi, ko‘kragiga bolg‘achaning dastasi bilan allaqanday belgilar chizishdi, bolg‘acha bilan uning gizzalariga urib ko‘rishgan edi, oyog‘i dik-dik sakrab ketdi, barmog‘idan qon olishdi, tirsagiga ukol qilishdi, qo‘llariga qandaydir rezina halqalar kiydirishdi.