Shunda kvartirada to‘rtinchi va oxirgi mo‘’jiza sodir bo‘ldi-yu, sirg‘alib tushib yerga o‘tirib qolgan Styopa jonsiz qo‘li bilan kesakini timdalay boshladi.
Kotelok shlyapa kiygan, so‘yloq tishlari og‘zidan chiqib, shundoq ham o‘ta jirkapch basharasini battar badbashara qilib yuborgan, pak-pakana bo‘lishiga qaramay, yelkalari nihoyatda keng, sochi rangidagi bir malla maxluq to‘g‘ri toshoyna ko‘zgusidan chiqib keldi.
— Men, — deb gapga aralashdi bu malla, — buning qanday qilib direktor bo‘lib qolganiga hech tushunolmayapman, — u gapirgan sari ko‘proq manqalanardi, — men qanday arxierey bo‘lsam, u ham shunday direktor!
— Sen arxiereyga o‘xshamaysan, Azazello, — dedi mushuk tarelkasiga sosiska olib solarkan.
— Menam shuni aytyapman-da, — dedi malla ping‘illab va Voland tomonga o‘girilib ehtirom bilan ilova qildi: — Ruxsat eting, messir, uni Moskvadan biron olis xilvatgohga uloqtirib yuboray?
Mushuk tuklarini hurpaytirib:
— Pisht! — deb baqirdi.
Shunda yotoqxona Styopa atrofida gir-gir aylana boshladi-yu, u boshi bilan kesakiga urildi va hushidan ketarkan: «O‘lyapman…» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
Lekin u o‘lgani yo‘q. Ko‘zini xiyolgina ochib, o‘zini toshga o‘xshash qandaydir bir narsa ustida ko‘rdi. Uning atrofida nimadir shovullardi. Keyin u ko‘zlarini katta ochib, shovullayotgan dengizni ko‘rdi, shovullagandayam to‘lqinlar shundoqqina uning oyog‘i ostiga kelib chil-chil urilardi, qisqasi, u to‘lqin qaytargichning eng chetida o‘tirar, poyida dengiz mavjlanar, orqasida esa do‘nglikda go‘zal shahar qad ko‘targan edi.
Bunday hollarda o‘zini qanday tugishni bilmagan Styopa oyoqlari dag‘-dag‘ qaltirab to‘lqin qaytargich bo‘ylab qirg‘oq tomon yo‘l oldi.
Yo‘lida bir odam turardi, u papiros chekar va dam-badam dengizga tupurardi. U odam Styopaga o‘qrayib qarab, tupurishdan to‘xtadi. Shunda Styopa qovun tushirdi: shu notanish kashanda qarshisida tiz cho‘kib, bunday dedi:
— Yolborib so‘rayman sizdan: bu qaysi shahar o‘zi?
— Qoyil-e! — dedi beshafqat kashanda.
— Men mast emasman, — dedi hirqiroq ovoz bilan Styopa. — Men betobman, menga bir nima bo‘ldi, kasal bo‘lib qoldim… Qaerdaman? Bu qaysi shahar?..
— Yalta-ku…
Styopa ohista xo‘rsindi, yonboshiga qulab tushdi-yu, boshi oftobda qizigan toshga urildi.
Sakkizinchi bob
PROFESSOR BILAN SHOIR O‘RTASIDA DAHANAKIJANG
Styopa Yaltada hushidan ketgan paytda, ya’ni soat o‘n bir yarimlarda, uzoq davom etgan qattiq uyqudan uyg‘ongan Ivan Nikolaevich Bezdomniy axiyri hushiga keldi. U anchagacha, devorlari oppoq, allaqanday yaltiroq metalldan yasalgan ajoyib tungi stoli bor, derazasiga oq darparda osilgan (darparda ortida quyosh porlab turgani sezilardi) bu notanish xonaga qanday qilib kelib qolganini o‘ylab yotdi.
Ivan boshini bir silkitib, endi og‘rimayotganligini his qildi-yu, shu zahoti shifoxonada yotganligini esladi. Esladiyu, ketma-ket esiga Berliozning o‘limi tushdi, lekin bu xotira endi uni kechagichalik qattiq iztirobga solmadi. Miriqib uxlagan Ivan Nikolaevich endi o‘zini ancha bosib olgan, mulohazalari ham ravonlashgan edi. U chinniday toza, yumshoq va orombaxsh prujinali karavotda ancha vaqtgacha qimir etmay yotdi, shunda ko‘zi yonboshidagi qo‘ng‘iroq tugmasiga tushdi. Kerak bo‘lsa-bo‘lmasa, har narsaga qo‘l uraveradigan qitmir Ivan tugmani bosdi. U biron nimaning chalinishini yoki biron kishining kirib kelishini kutgan edi, lekin butunlay boshqacha hol yuz berdi. Ivan yotgan karavotning oyoq tomonida sirlangan tsilindr chiroq yonib, unda: «Suv» degan yozuv paydo bo‘ldi. Bir ozdan keyin tsilindr aylana boshladi va oxiri unda: «Nyanya» degan yozuv paydo bo‘ldi. Turgan gapki, bu antiqa tsilindr Ivanning og‘zini ochirib qo‘ydi. Keyin «Nyanya» yozuvi «Doktorni chaqiring» degan yozuv bilan almashdi.
— Hm… — deb qo‘ydi Ivan, endi buyog‘iga nima qilishini bilolmay. Lekin shu choq tasodifan ishi o‘ngidan kelib qoldi: «Feldsher ayol» degan so‘z chiqishi bilan u tugmani ikkinchi marta bosdi. Silindr ohista jingillab, aylanishdan to‘xtadi, chirog‘i o‘chdi va xonaga top-toza oq xalat kiygan, miqqidakkina, istarasi issiq bir ayol kirdi.
— Xayrli kun! — deb salomlashdi u Ivan bilan. Ivan javob qaytarmadi, chunki hozirgi vaziyatda bunday salomlashishni o‘rinsiz deb topdi. Rostda axir, soppa-sog‘ odamni shifoxonaga tiqib qo‘yishsa, yana buning ustiga, o‘zlarini go‘yo savob ish qilganday tutishsa — buning nimasi xayrli?
Bu asnoda ayol chehrasidagi muloyim jilvani saqlagan holda, bir tugmani bosib, deraza pardasini yuqoriga chiqarib yubordi. Shunda to polgacha tushib borgan jimjimador, yengil panjara orqali xonaga quyosh nuri yog‘ildi. Panjara ortida balkon, undan narida esa ilonday to‘lg‘anib oqayotgan daryo, daryoning narigi sohilida — shimolda mavjlanib turgan qarag‘ayzor ko‘rindi.
— Vannaga marhamat qiling, — dedi ayol, so‘ng uning bir qo‘l harakati bilan ichki devor chetga surildi-yu, vannaxona va juda chiroyli jihozlangan hojatxona paydo bo‘ldi.