Qisqasi, u o‘sha kuni ko‘chaga ataylab sariq gul ko‘tarib chiqqan ekan, men uni topib olishim uchun, bordiyu o‘sha kuni bu uchrashuv yuz bermaganida, u zahar ichib o‘z joniga qasd qilgan bo‘larkan, chunki uning hayoti bema’ni o‘tayotgan ekan.

Ha, muhabbat bizni ko‘z yumib-ochguncha mahv qilib qo‘ygan edi. Men buni o‘sha kuniyoq, bir soatdan keyin, biz ulkan shaharni payqamay kesib o‘tib, Kreml devori poyiga, daryo bo‘yiga borib qolganimizda bilgan edim.

Biz go‘yo juda ko‘p yillardan beri bir-birini yaxshi bilgan va kuni kecha xayrlashgan odamlarday suhbatlashardik. Biz ertasi kuniyam shu yerda — Moskva daryosi bo‘yida uchrashishga ahd qildik, uchrashdik ham. May quyoshi bizga yog‘du sochardi. Keyin, oradan xiyol ham o‘tmay, bu ayol mening xufiyona xotinim bo‘ldi.

U har kuni menikiga kelardi, men uni ertalabdan intizor bo‘lib kuta boshlardim. Shu intizorlik payti odatda uydagi buyumlarning joylarini o‘zgartirishim bilan ifodalanardi. Uning kelishiga o‘n minut qolganida deraza oldiga o‘tirib, ko‘hna ko‘cha eshikning «g‘iyq» etib ochilishini kutardim. Yo tavba: men u bilan uchrashmasimdan oldin tumordekkina hovlimizga kamdan-kam odam kirar, aniqrog‘i, hech kim kirmasdi, endi bo‘lsa, nazarimda, butun shahar shu hovlimiz tomon oqib kelayotganday tuyulardi. Ko‘cha eshik «tiq» etsa, yuragim «shig‘» etib ketar, bir ko‘z oldingizga keltiringa, ro‘paramda: deraza tashqarisida albatta kimningdir isqirt etigi paydo bo‘lardi. Masalan, charxchining. Axir o‘zingiz ayting, uyimizda charxchining kimga keragi bor? Nimani qayraymiz? Qanaqa pichoqlarni?

Mening dilbarim ko‘cha eshikdan bir marta kirardi, ammo u kirguncha yuragim kamida o‘n marta gupillab urardi. Gapim rost. Keyin, soat millari qiyom paytini ko‘rsatib, uning keladigan vaqti bo‘lganda va qora mayin teridan tikilgan ustki bezaklari po‘lat to‘qalar bilan tortilgan uning tuflilari deyarli tovush chiqarmay derazam qarshisida paydo bo‘lgandayam yuragim «gup-gup» urishdan to‘xtamasdi.

Ba’zan u ikkinchi derazam oldida to‘xtab, tuflisining uchi bilan oynaga urib sho‘xlik qilardi. Men shu zahoti o‘sha deraza oldida paydo bo‘lardim, lekin tufli ham, yorug‘ni to‘sib turgan qora ipak ko‘ylak ham g‘oyib bo‘lardi — men shunda eshik ochgani otilardim.

O‘rtamizdagi munosabatni hech kim bilmasdi, bunga imonim komil, vaholanki, bunday bo‘lishi mumkin emas. Lekin uning eri, tanishlarimiz g‘ofil edilar. Men yashab turgan podval tepasidagi ko‘hna uyda istiqomat qiluvchilar bundan xabardor edilar, albatta, ular huzurimga qandaydir bir ayol kelib-ketib turganini ko‘rishardi, biroq uning kimligini ham, ismini ham bilishmasdi.

Ushbu muhabbat dostonini butun vujudi bilan berilib tinglayotgan Ivan:

— Kim edi o‘zi u ayol? — deb so‘radi.

Mehmon, buni hech qachon, hech kimga aytmayman, degandek bosh chayqadi, so‘ng hikoyasini davom ettirdi.

Uning hikoyasidan Ivanga shular ma’lum bo‘ldi: usta bilan notanish ayol bir-birlarini shunchalik qattiq sevishganki, biri ikkinchisisiz bir kun ham tura olishmagan. Endi Ivan hovlidagi nastarin daraxti va devor tufayli hamisha nimqorong‘i bo‘lgan podvaldagi ikki xonani, u yerdagi qizil yog‘ochdan ishlangan, eskirib parti ketib, sharti qolgan mebellaru yozuv stoli — byuroni, byuro ustida turgan har yarim soatda zang chaluvchi soatni, nihoyat moylangan poldan is bosgan shiftgacha qalashib ketgan son-sanoqsiz kitoblarni ham, pechkani ham juda aniq tasavvur qila boshlagan edi.

Ivanga yana shu narsa ma’lum bo‘ldiki, mehmoni bilan uning xufiya xotini o‘zaro aloqa bog‘lagan dastlabki kunlariyoq, bizning Tverskaya ko‘chasi bilan tor ko‘cha muyulishida bir-birimiz bilan uchrashishimiz taqdiri azalda peshonamizga yozilgan, binobarin, biz umrbod bir-birimiz uchun yaratilganmiz, degan qarorga kelgan ekanlar.

Mehmonning hikoyasidan oshiq-ma’shuqlarning vaqtni qanday o‘tkazganlari ham ma’lum bo‘ldi. Ayol kela solib, birinchi navbatda fartuk taqar va torgina dahlizda (bechora bemor negadir faxrlanib tilga olgan o‘sha jo‘mrak bilan chanoq shu yerda edi) taxta stol ustida kerosinka yoqib nonushta tayyorlar, so‘ng birinchi xona o‘rtasida turgan cho‘zinchoq stolda dasturxon tuzardi. May oyida momaqaldiroq gumburlab, jala quygan paytlarda, yomg‘ir suvi sevishganlarning so‘nggi makonini g‘arq qilgudek xavf tug‘dirib nimko‘r derazalar oldidan darvoza tomon ayqirib oqqan paytlarda ular pechka yoqib qo‘rda kartoshka pishirishar edi. Barmoqlarini kulga bulg‘ab kartoshkaning qora po‘stini archishganda undan bug‘ chiqardi. Podvalda kulgi yangrardi, bog‘chadagi daraxtlar yomg‘irdan keyin singan shoxchalarini, oppoq popiltiriqlarini yerga to‘kardi. Momaqaldiroq sadolari tinib, issiq yoz payti kelganda ko‘pdan orzu qilingan va ikkovlari birday yaxshi ko‘rgan atirgullar guldonda paydo bo‘lardi.

Перейти на страницу:

Похожие книги