— Takror aytaman, familiyamni qo‘yaylik, endi u yo‘q, — deb javob qildi mehmon. — Gap familiyada emas. Bir kundan keyin boshqa bir gazetada Mstislav Lavrovich imzosi bilan boshqa maqola paydo bo‘ldi. Bu maqola muallifi pilatchilikka, hamda uni matbuotda yoritmoqchi bo‘lgan (yana o‘sha la’nati ibora!) dindor musavvirga zarba berishni, bergandayam, ayovsiz zarba berishni taklif qilgan edi.

Men bu «pilatchilik» so‘zidan dong qotib qolib, uchinchi gazetani varaqladim. Bu gazetada ikki maqola bor edi: biri — Latunskiyniki, ikkinchisiga esa «N. E.» deb imzo qo‘yilgan edi. Men sizga aytsam, Ariman bilan Lavrovichning maqolalari Latunskiy yozgan maqola oldida «holva» edi. Latunskiy maqolasiga qo‘yilgan sarlavhaning o‘zi ham sizga kifoya: «Eski mazhabning jangari namoyandasi». O‘zim to‘g‘rimda yozilgan maqolalarni o‘qishga shunchalik berilib ketibmanki, mahbubamning (eshikni berkitishni unutgan ekanman) qo‘lida jiqqa ho‘l zontik va namiqqan bir dasta gazeta bilan qanday tepamga kelib qolganini ham payqamabman. Uning ko‘zlaridan o‘t chaqnar, muzdek sovuq qo‘llari qaltirar edi. Oldiniga u o‘zini bag‘rimga otib, meni o‘paverdi, o‘paverdi… keyin, qo‘lini stolga tap-tap urgancha, hirqiroq ovoz bilan Latunskiyni albatta zaharlab o‘ldirajagini aytdi.

Ivan sal xijolat bo‘lib tomoq qirib qo‘ydi-yu, lekin hech nima demadi.

G‘am-anduh to‘la kunlar boshlandi. Roman yozilib bo‘lgan, boshqa qiladigan ish yo‘q edi, endi ikkovimiz pechka oldiga yozilgan gilamchada olovga tikilib o‘tirardik, xolos. Biz endi tez-tez vidolashib turardik. U sayr qilgani chiqib ketadigan bo‘ldi. Mening hayotimda esa g‘aroyib hollar sodir bo‘la boshladi, to‘g‘ri, bunday hollar menda ilgari ham tez-tez bo‘lib turardi… Men kutilmaganda bir do‘st orttirdim. Ha, ha, ishonavering, umuman olganda mening juda bema’ni odatim bor: odamlar bilan til topishishim qiyin juda, hech kimga ishonmayman, sal narsaga shubhalanaveraman. Lekin — qizig‘i shundaki, shu odamoviligimga qaramay, kelib-kelib, mutlaqo faraz qilinmagan, kutilmagan bironta odam, garchi tashqi qiyofasi otni hurkitadigan tasqara bo‘lsa ham, albatta didimga o‘tirib qoladi.

Xullas, o‘sha mash’um paytlarda bir kun bog‘chamizning ko‘cha eshigi ochilib, hovliga bir odam kirdi. Esimda, kuzning orombaxsh kunlaridan biri edi. Xotinim uyda yo‘q edi. Kelgan odamning uy sohibida biron ishi bo‘lsa kerak, unikiga kirib ketdi, so‘ng bog‘chaga tushib, men bilan hol-ahvol so‘rashdi-da, bir zumda tanishib ham oldi. U o‘zini muxbir deb tanitdi. U menga shu qadar yoqib qoldiki, bilasizmi, hanuzgacha ba’zida uni eslab, qo‘msab qo‘yaman. Bora-bora u uyimga tez-tez keladigan bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, u bo‘ydoq ekan, mendan sal nariroqda xuddi menikiga o‘xshagan mo‘’jazgina kvartirada turarkan, ammo unga kvartira torlik qilayotganmish, hokazo va hokazo. Negadir u meni uyiga hech taklif qilmasdi. Xotinimga u sira ham yoqmadi. Ammo men uning yonini oldim. Shunda xotinim:

— Bilganingni qil, — dedi, — lekin bu odam menda faqat nafrat uyg‘otyapti.

Перейти на страницу:

Похожие книги