Men kulib yubordim. Darvoqe, bu odam qay jihati bilan meni o‘ziga rom qilgan edi? Gap shundaki, o‘z g‘ilofi ichida bironta favqulodda xislati bo‘lmagan odamning, umuman, qizig‘i yo‘q. Lekin Aloiziyning (ha-ya, unutibman — yangi tanishimning ismi-sharifi Aloiziy Mogarich edi) g‘ilofida shunday xislat mavjud edi. Alalxusus, Aloiziydek donishmand odamni ilgari hech yerda uchratmaganman, aminmanki, bundan keyin ham aslo uchratmayman. Agarda gazetada bosilgan biron maqolaning ma’nosiga tushunolmasam, Aloiziy uni bir zumda tushuntirib berar, tushuntirgandayam hech qiynalmasdan, oson va ravon tushuntirardi. Hayotiy voqealar va masalalarni ham shunday oson izohlab berardi u. Lekin hali bu hammasi emas edi. Aloiziy adabiyotga bo‘lgan ishtiyoqi bilan meni o‘ziga rom qilgan edi. To uning iltimosiga ko‘ra romanimni boshidan-oxirigacha o‘qib bermagunimcha hech tinchimadi u. Keyin esa roman to‘g‘risida maqtov gaplar aytdi, lekin xuddi muharrirning romanim to‘g‘risidagi mulohazalarini o‘z qulog‘i bilan eshitgandek, u ham o‘sha fikrlarni aytib, og‘zimni ochirib qo‘ydi. Aloiziy muharrirning mulohazalarini bekamu ko‘st takrorlagandi. Bundan tashqari, nima sababdan romanim chop qilinmasligini ham nihoyatda aniq izohlab berdiki, bu fikrda hech xato yo‘qligini o‘zim ham anglay boshlagan edim. U, falon bobingiz o‘tmaydi, deb gapning ochig‘ini aytdi-qo‘ydi.Lekin maqolalarning keti uzilmasdi. Eng dastlabkilari ustidan kulgan edim. Biroq maqolalar soni ko‘paygan sari ularga nisbatan munosabatim ham o‘zgara bordi. Ikkinchi bosqich — ajablanish bosqichi bo‘ldi. Bu maqolalar tahdidona va dadil yozilgan bo‘lishiga qaramay, ularning deyarli har bir satrida o‘ta qalbakilik va dargumonlik ohangi sezilib turardi. Menga, ularning mualliflari o‘zlari aytmoqchi bo‘lgan gaplarni emas, boshqa fikrlarni bayon qilayotganday tuyular, ularning darg‘azabligiga sabab ham shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylardimu shu fikrimdan hech xalos bo‘lolmasdim. Bundan keyin, men sizga aytsam, uchinchi bosqich — qo‘rquv bosqichi boshlandi. Yo‘q, yo‘q, u maqolalar emas, ishoning, balki ulargayam, romanimgayam taalluqli bo‘lmagan mutlaqo boshqa narsalar meni cho‘chita boshladi. Mana, masalan, qorong‘ilikdan qo‘rqadigan bo‘lib qoldim. Qisqasi, ruhiy betoblik bosqichi boshlangan edi. Kichkina xonamda uyqu oldidan chiroqni o‘chirishim bilan, nazarimda, go‘yo derazadan, garchi u yopiq bo‘lsa ham, qandaydir ro‘dapo uzun-uzun, sovuq paypaslagichlarini o‘ynatib kirib kelayotganday bo‘lardi. Oqibat, kechalari chiroq yorug‘ida uxlaydigan bo‘ldim.
Mahbubam judayam o‘zgarib ketdi (turgan gapki, ro‘dapo to‘g‘risida unga churq etmadim. Lekin u ahvolimning chatoqlashayotganini seza boshlagan edi), ozib, rangi o‘chib, kulmay qo‘ydi, romandan parcha bostirishni maslahat bergani uchun qayta-qayta uzr so‘ray boshladi mendan. Endi u hamma narsani boshdan soqit qilib, janubga, Qora dengiz bo‘yiga jo‘nashni, yuz ming so‘mlik yutukdan qolgan pulni sarflab, o‘sha yerda dam olishni maslahat bera boshladi menga.
Bu fikrida u qattiq turib oldi, men esam u bilan tortishmaslik uchun (Qora dengizga jo‘nab keta olmasligimni ko‘nglim sezayotgan edi) shu yaqin kunlarda jo‘nab ketishga va’da berdim. Biletni uning o‘zi oladigan bo‘ldi. Shunda men o‘n ming so‘mcha keladigan pulning hammasini uning qo‘liga tutqazdim.
— Nima qilaman shuncha pulni? — deb ajablandi u.
Men bo‘lsam, o‘g‘irlatib qo‘yishdan qo‘rqaman, shuning uchun, to jo‘nab ketgunimcha senda tura tursin, degan mazmunda bahona qiddim. U pulni olib sumkachasiga soldi va meni qayta-qayta o‘parkan, shunday dedi:
— Seni shu ahvolda yolg‘iz tashlab ketganimdan o‘lganim afzal, lekin na qilayki, meni kutishmoqda, zaruratga tobe bo‘lmay ilojim yo‘q, ammo ertaga albatta kelaman. O‘tinaman sendan, hech nimadan cho‘chima.
Bu oktyabr oyining o‘rtalarida, endi qosh qoraya boshlagan paytda bo‘lgan edi. U jo‘nab ketdi. Men divanga yotib, chiroqni ham yoqmay uxlab qoldim. Bir mahal xonamga ro‘dapo kirganini tuyib uyg‘onib ketdim. Qorong‘ida paypaslab zo‘r-bazo‘r chiroqni yoqdim.