O‘zini usta deb atagan odam ish bilan mashg‘ul bo‘lar, ayol esa bigiz tirnoqli barmoqlarini sochlari orasiga botirib yozilgan sahifalarni qayta o‘qib, o‘qib bo‘lgach esa manavi qalpoqchani tika boshlardi. Ba’zida u yerga cho‘kkalab javonning pastki qavatidagi kitoblarning yoki stulga chiqib olib yuqori qavatdagi yuzlab kitoblarning chang bosgan sherozalarini latta bilan artardi. U adibga shonu-shuhrat bashorat qilib, uni tezroq ishlashga undarkan, ayni o‘sha paytda uni usta deb atay boshlagan edi. U Iudeyaning beshinchi prokuratori haqidagi kitobning va’da qilingan oxirgi jumlalarini o‘qishga musharraf bo‘lib, ko‘ngliga yoqqan ayrim jumlalarni qiroat bilan baralla takror-takror o‘qirkan, «bu roman — mening hayotimdir», degandi.

Roman avgust oyida yozib tugatilib, qaysiyam bir notanish mashinistkaga berildi, mashinistka uni besh nusxada ko‘chirdi. Mana, nihoyat, xufiya makon tark etilib, hayot maydoniga chiqadigan kun ham keddi.

— Ha, men qo‘limda romanim bilan hayot maydoniga chiqdim, lekin chikdimu hayotim nihoyasiga yetdi, — deb pichirladi usta va boshini xam qildi, sariq ip bilan «M» harfi tikilgan mash’um qora qalpoqcha uzoq vaqt tebranib turdi. Keyin u hikoyasini davom ettirdi, lekin endigi gaplari poyintar-soyintar bo‘lib chiqdi. Mehmonning bu gaplaridan faqat bir narsani anglash mumkin edi: uning boshiga nihoyatda og‘ir bir falokat tushgan edi.

— Adabiyot olamiga birinchi marta qadam qo‘yishim edi, ammo hozir, hammasi adoyi tamom bo‘lib, halokatga uchraganim aniq bo‘lgandan keyin men uni mudhish hayrat bilan eslayman! — deb usta tantanavor pichirlarkan, qo‘lini ko‘tardi. — Ha, nihoyatda hayratga soddi u meni, nihoyatda!

— Kim? — eshitilar-eshitilmas pichirlab so‘radi Ivan, hayajonlangan mehmonining so‘zini bo‘lishdan qo‘rqib.

— Muharrir-da, aytyapman-ku, muharrib deb. To‘g‘ri, u o‘qishga o‘qib chiqdi. Lekin menga milki pilla bo‘lib, lunji shishib ketgan odamga qaraganday qararkan, ko‘z qirini xonaning burchagiga tashlagancha, ko‘ngli xijil bo‘lganday, hatto hiringlab ham qo‘ydi. U qo‘lidagi manuskirptni hojatsiz g‘ijimlarkan hadeb tomoq qirardi. Bergan savollari menga ahmoqona bo‘lib tuyuldi. Chunki u roman to‘g‘risida hech nima gapirmay, mendan: kimsiz, qayoqdan paydo bo‘ldingiz, ko‘pdan beri qalam tebratib turasizmi, nega siz haqingizda shu paytgacha hech eshitmaganmiz, deb so‘ray boshladi, hatto yana: bunday alomat mavzuda roman yozishni sizga kim maslahat berdi, degan savol ham berdiki, mening fikrimcha, bundan ortiq ahmoqona savol bo‘lmaydi. Axiyri, savollari jonimga tegib ketgach, romanimni chop qilasizmi o‘zi, yo yo‘qmi, deb dangal so‘radim.

Shunda u besaranjom bo‘lib, lattachaynarlik qildi, so‘ng bu masalani shaxsan o‘zi hal qila olmasligini, asarim bilan muharrirlar hay’atining o‘zga a’zolari ham, ya’ni tanqidchilardan Latunskiy bilan Ariman hamda adabiyotshunos Mstislav Lavrovichlar tanishib chiqishlari kerakligini aytdi. U, ikki haftadan keyin keling, deb iltimos qildi.

Ikki haftadan keyin borgan edim, muttasil yolg‘on gapiraverganidan ko‘zlari g‘ilay bo‘lib qolgan bir qari qiz qabul qildi.

— Ha, u Lapshyonnikova, redaktsiya kotibasi, — dedi jilmayib Ivan: mehmon g‘azablanib ta’riflayotgan muhit ahli unga tanish edi.

— Bo‘lsa bordir, — shart so‘zini bo‘ldi mehmon, — xullas, shu ayol hammayog‘i dog‘-dug‘ va ancha g‘ijimlangan romanimni qaytarib berdi. U ko‘zini ko‘zimdan olib qochishga urinib:

— Hozir redaktsiyamiz ikki yilga yetadigan qo‘lyozmalar bilan ta’minlangan, shunga ko‘ra, romaningizni chop qilish masalasi, menimcha, boshqa ko‘rilmasa kerak, — dedi.

— Yana nimalar esimda qoluvdi-ya? — deb g‘o‘ldirardi usta, chakkalarini ishqalarkan. — Ha, qo‘lyozma hoshiyasiga sochilgan qip-qizil gulbarglar, yana mahbubamning ko‘zlari esimda. Ha, uning ko‘zlarini eslab qolganman.

Mehmonning hikoyasida dudmallik, allaqanday chala-chulpa gaplar ko‘proq uchray boshladi. U qiyalab yog‘an yomg‘irni esladi, podvaldagi makonida boshidan kechirgan mushkulotlar haqida, yana allaqayoqlarga borgani to‘g‘risida gapirdi. U, o‘zini kurashga da’vat etgan ayolni aslo ayblamasligi, ha, ha, unda hech gunoh yo‘qligi haqida pichirlab chinqirdi!

— O, esimda, esimda gazeta orasida ilova qilib kiritilgan varaq, — deb g‘o‘ldirardi mehmon, gazeta varag‘ining tasvirini havoda ikki barmog‘i bilan chizib ko‘rsatarkan, shunda Ivan mehmonning chalkash gaplaridan fahmladiki, boshqa bir muharrir ustaning romanidan kattagina parchani gazetada bosib chiqaripti.

Uning gapicha, oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, boshqa bir gazeta tanqidchi Arimanning: «Muharrir qanoti ostidagi dushman», degan maqolasi paydo bo‘lipti, bu maqolada yozilishicha, Ivanning mehmoni muharrirning beparvoligi va nodonligidan foydalanib, matbuotda Iisus Xrist madhiyasini yoritishga uringanmish.

— Ha, esimda, esimda! — deb chinqirib yubordi Ivan. — Lekin familiyangiz esimdan chikdi!

Перейти на страницу:

Похожие книги