— Dardim bedavo, — deb xotirjam javob qildi mehmon, — Stravinskiy meni hayotga qaytarishga va’da qilyapti, lekin men unga ishonmayman. U insonparvar doktor, shunchaki tasalli bermoqchi menga. Lekin inkor qilmayman, hozir ancha tuzukman. Darvoqe, nimaga kelib to‘xtagandim? Ayoz, g‘izillab borayotgan tramvaylar. O‘sha paytda, bu shifoxonaning ochilganidan xabarim bor edi, shuning uchun butun shaharni piyoda bosib o‘tib keldim bu yerga. Telbalik edi bu, albatta! Shahar tashqarisida men sovuq qotib o‘lib ketardim ehtimol, lekin bir tasodif jonimga oro kir-di. Shahar qopqasidan to‘rt kilometrcha berida yo‘lda bir yuk mashinasini ko‘rdim, u bir nimasi buzilib to‘xtab turgan ekan, men shofyordan iltimos qilgan edim, buni qarangki, u menga rahm qildi. Mashina o‘zi shu yoqqa kelayotgan ekan. Meniyam o‘zi bilan olib keldi. Bu safar paytida chap oyog‘imning barmoqlarini sovuq oldirdim, xolos. Lekin, oyog‘imni davolab tuzatishdi. Mana, sal kam to‘rt oydan beri shu yerdaman. Bilasizmi, bu yer sira, sira yomon emas, menimcha. To‘g‘ri, ulkan rejalarga bosh qotirib o‘tirishning hojati yo‘q bu yerda. Mana, masalan, men butun yer kurrasini aylanib chiqmoqchi bo‘lgan edim. Hay, nachora, bu nasib qilmadi. Endi, mana shu kurraning kichik bir bo‘lagini ko‘rib o‘tiribman. O‘ylaymanki, kurraning eng noyob qismi emas bu, ammo, takror aytaman, shunisigayam shukur. Mana, yoz kirib kelyapti, Praskovya Fyodorovnaning va’da qilishicha, balkonimizni pechak gul burkab olarmish. Kalitlar imkoniyatimni oshirdi. Kechalari oy chiqadi. Ie, botib ketibdi! Salqin tushdi. Tun yarim kechadan og‘di. Men boray endi.
— Ayting-chi, Ieshua bilan Pilatning taqdiri nima bo‘lgan edi, — deb so‘radi Ivan, — shuni bilmoqchiman, o‘tinaman sizdan, so‘zlab bersangiz.
— E, yo‘q, yo‘q, — dedi mehmon g‘ijinib kiftini uchirarkan, — romanimni eslasam butun vujudim qaqshab ketadi. Anavi Patriarx ko‘lida tanishganingiz sehrgar buni mendan yaxshiroq so‘zlab berishi mumkin. Suhbat uchun tashakkur. Xayr.
Ivan es-hushini yig‘ishga ulgurmasdan panjara ohista «shiq» etib yopildi-yu, mehmon g‘oyib bo‘ldi.
O‘n to‘rtinchi bob
XO‘ROZGA TASANNO!
Rimskiyning asabi ortiq bardosh berolmadi, protokolni yozib bo‘lgunlaricha ham qanoat qilmay, o‘z kabinetiga otildi. U stodda uyulib yotgan sehrli pullardan qizargan ko‘zlarini uzolmay o‘tirardi. Miyasi g‘ovlab ketgan edi. Tashqaridan odamlar g‘ovuri bir maromda eshitilardi. Tomoshabinlar ko‘chaga oqib chiqa boshlagan edi. Moliya direktorining haddan ziyod ding bo‘lgan quloqlariga birdan militsiya hushtagining churillagani eshitildi. Turgan gapki, hushtak hech qachon o‘z-o‘zidan yaxshilikka churillamaydi. Churillash takrorlandi, shunda boshqa hushtak unga yordamga kelib, qattiqroq va cho‘zibroq churilladi, keyin shu hushtak ovoziga odamlarning qahqahasi, hatto qiyqirig‘i jo‘r bo‘ldiki, moliya direktori, ko‘chada yana bironta mashmasha, xunuk voqea sodir bo‘lganini va bu voqeaning albatta anavi jodugar bilan yordamchilari bajargan mash’um seansga bevosita daxldor ekanligini fahmladi. Ziyrak Rimskiy yanglishmagan edi, albatta.
U Sadovaya ko‘chasiga ochiladigan derazadan tashqariga qaradi-yu, afti burishib ketdi va pichirlab emas, aniqrog‘i, vishillab dedi:
— Biluvdim-a!
U ko‘cha fonarlarining kuchli yorug‘ida, o‘z derazasi ostida, pastda, yo‘lkada bir xonimning ichki ko‘ylak va binafsharang uzun trusikda turganini ko‘rdi. To‘g‘ri, xonimning boshida yana shlyapa, qo‘lida shamsiyasi ham bor edi.
Tamomila esankirab qolganidan, goh cho‘nqayib o‘tirishga, goh g‘izillagancha qayoqqadir qochishga shaylangan bu xonimning atrofini o‘rab olgan olomon g‘avg‘o ko‘targan, boya moliya direktorining etini jimirlatib yuborgan qahqahayu qiyqiriqlarning ijrochisi ham shu olomon edi. Ayolning atrofida bir grajdanin girdikapalak bo‘lib, egnidan avra paltosini yechishga urinar, lekin qattiq hayajonlanganidan, qo‘lini hech palto yengidan chiqara olmasdi.
Shu payt boshqa yerdan — chap tomondagi eshikdan ham qiyqiriq va vahshiyona qahqaha eshitildi-yu, Grigoriy Danilovich o‘sha yoqqa o‘girilib, pushtirang ichki ko‘ylakda turgan ikkinchi bir xonimni ko‘rdi. U o‘zini panaga olish maqsadida yo‘lkaga o‘tib, tezroq Varete darvozasiga kirmoqchi bo‘ldi, lekin ichkaridan chiqayotgan tomoshabinlar oqimi uning yo‘liga g‘ov bo‘ldiki, mal’un Fagotning firmasidan pand yegan, kiyim-kechakka shaydoligi va yengiltakligi oqibatida sharmanda bo‘lgan sho‘rlik ayol endi faqat bir narsani — yer yorilib, tezroq yerga kirib ketishni orzu qilardi. Militsioner hushtagini xuddi havoni parmalagandek churillatib, bu baxti qaro ayol tomon yugurdi, uning orqasidan kepka kiygan qandaydir xushchaqchaq yigitlar ergashdi. Shular ko‘chani boshlariga ko‘tarib qahqah urgan va qiyqirgan edilar.
Qotmadan kelgan, shopmo‘ylov olatasir bir izvoshchi qirchang‘i otini uchirib kelib, birinchi yechingan ayol tepasida taqqa to‘xtadida, og‘zining tanobi qochib, tirjaydi, Rimskiy o‘z boshiga mushtlab, tupurdi-da, derazadan nari ketdi.