U yuzini soya qilish uchun kepkasining o‘rdak-tumshuq soyabonini ko‘zlarigacha bostirib kiyishga qanchalik urinmasin, qo‘lidagi gazetani qanchalik yoyib, aylantirib ko‘rmasin, — baribir, Rimskiy uning o‘ng yuzi, burnining yoni momataloq bo‘lganini ko‘rib oldi. Bundan tashqari, odatda hamisha jo‘shqin tabiat administrator hozir xasta odam kabi bo‘zday oqarib ketgan, bo‘yniga esa shu tungi dim havoda negadir eskirib ketgan yo‘l-yo‘l sharf o‘rab olgan edi. Bu o‘zgarishlarga yana administratorning teatrda bo‘lmagan shu qisqa vaqt ichida tishlari orasidan havo so‘rib tamshanishdek xunuk odat chiqarganini, ovozining judayam o‘zgarib, bo‘g‘iq va dag‘al bo‘lib qolganini, ko‘zlarida olazaraklik va qo‘rquv alomati paydo bo‘lganini ilova qiladigan bo‘lsak — Ivan Savelevich Varenuxani tanib bo‘lmay qopti, deb dadil aytish mumkin.

Moliya direktorini yana allanima qattiq bezovta qilardi, lekin u sertashvish miyasini qanchalik qotirib ko‘rmasin, Varenuxaga qanchalik tikilib qaramasin, o‘sha bezovta qilayotgan narsaning nimaligini hech fahmlay olmasdi. U faqat bir narsani — administ-ratorning Rimskiyga juda tanish bo‘lgan kresloda o‘tirishda qandaydir g‘ayritabiiylik mavjudligini, Varenuxa bilan kresloning bir-biriga qovushmayotganligini ta’kidlashi mumkin edi.

— Xullas, axiyri uni tappa tutib mashinaga bosishdi, — deb g‘o‘ldirardi Varenuxa momataloq yuzini kafti bilan to‘sib gazeta osha mo‘ralarkan.

Shunda Rimskiy birdan go‘yo bexosdan kaftini yoygancha qo‘lini uzatdida, ayni paytda, barmoqlarini stol ustida o‘ynatib turib, elektr qo‘ng‘iroq tugmasini bosib yubordi va… serrayib qoldi.

Bo‘m-bo‘sh binoda qo‘ng‘iroq ovozi jaranglab eshitilishi kerak edi, albatta. Lekin eshitilmadi, tugmacha stolga botdi-yu, ammo sado chiqmadi. Tugma o‘lik, qo‘ng‘iroq buzuq edi.

Moliya direktorining bu nayrangini Varenuxa payqadi, albatta, u kiftini uchirib, ko‘zlaridan jaholat uchquni sochgancha so‘radi:

— Nega qo‘ng‘iroq qilding?

— Qo‘lim tegib ketdi, — dedi bo‘g‘iq ovoz bilan Rimskiy va qo‘lini tortib oldi, so‘ng o‘z navbatida u ham hadiksirab so‘radi: — Yuzingga nima qildi?

— Mashina keskin burilgan edi, eshik bandiga urilib ketdim, — deb javob qildi Varenuxa ko‘zini undan olib qocharkan.

«Gapi yolg‘on!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi moliya direktori. Shunday xayolga bordi-yu, birdan ko‘zlari kosasidan chiqib ketgudek chaqchayib, telbalarcha boqdi — u kreslo suyanchig‘iga tikilib qolgan edi.

Kreslo orqasida, polda bir-birini kesib o‘tgan ikkita soya yotardi, biri quyuqroq va qoraroq, ikkinchisi xiragina, kulrang tusda edi. Kreslo suyanchig‘ining ham, o‘tkir uchli oyoqlarining ham soyasi polda yaqqol ko‘rinib turar, ammo Varenuxaning suyanchiq uzra ko‘rinib turgan boshining, shuningdek, kreslo poyidagi oyoqlarining soyasi ko‘rinmasdi.

«Axir uning soyasi yo‘q-ku!» — deb jonholatda dohilan chinqirib yubordi Rimskiy. Vujudi dag‘-dag‘ qaltiray boshladi.

Varenuxa Rimskiyning telbalarcha nigohini kuzatarkan, kreslo orqasiga o‘g‘rincha nazar tashladiyu misi chiqqanligini tushundi.

U kreslodan turib (moliya direktori ham unga taqlid qildi), portfelini qo‘lida mahkam ushlagancha stoldan bir qadam orqaga chekindi.

— Ha, payqab qolding-a, yaramas! Hamisha farosating o‘tkir bo‘lgan seni, — dedi Varenuxa moliya direktoriga, yuzingda ko‘zing bor demay zaharxanda qilib, keyin dafatan bir sakrab eshik oldiga bor-di-da, ingliz qulfi tugmachasini chaqqonlik bilan pastga bosdi. Moliya direktori boqqa ochiladigan deraza tomon chekinarkan, yalt etib unga o‘girildi va oy nuriga g‘arq bo‘lgan bu deraza oynaga qapishgan qip-yalang‘och bir ayolning yuzini va darchadan ichkariga tiqqan yalang‘och qo‘lini ko‘rdi — bu qo‘l derazaning pastki ilgagini ochishga urinardi. Yuqori ilgak tushirilib bo‘lgan edi.

Rimskiyning nazarida stol ustidagi chiroq o‘cha boshlagandek, yozuv stoli esa bir tomonga og‘ayotgandek tuyuldi. Muzdek sovuq, kuchli to‘lqin kelib unga urilganday bo‘ldi, ammo u butun kuchini sarflab o‘zini tutdi-yu yiqilmadi. Uning qolgan kuchi:

— Voydod… — deb baqirishga emas, pichirlashgagina yetdi.

Varenuxa eshikni qo‘rikdarkan, dikonglab sakrar, sakragandayam havoda uzoq-uzoq muallaq chayqalib turardi. U changaksimon barmoqlarini Rimskiy tomonga siltar, vishillar, tamshanar, deraza orqasida turgan yalang‘och ayolga ko‘z qisardi.

Ayol esa bu payt mallasoch boshini shosha-pisha darchadan tiqib, qo‘lini imkoni boricha cho‘zdi, derazaning pastki ilgagini tirnoqlari bilan tirnab, derazani silkita boshladi. Shunda uning qo‘li xuddi rezinkadek cho‘zila va murdaniki yanglig‘ ko‘kara boshladi. Nihoyat, bu murdaning ko‘kargan barmoqlari ilgakning uchini changallab uni yonga burdi, deraza asta ochila boshladi. Rimskiy ohista chinqirib, devorga suyandi va portfelini qalqon qilib oldinga surdi. Ajali yetganini tushungan edi u.

Deraza lang ochildi, lekin xonaga tungi salqin havo va jo‘ka gullari atri o‘rniga zax yerto‘la hidi «gup» etib kirdi. Murda ayol derazada turardi. Rimskiy uning siynasida iriy boshlagan dog‘larni aniq ko‘rdi.

Перейти на страницу:

Похожие книги