Cho‘ntak soatim tungi soat ikkini ko‘rsatardi. Men yotayotganimda sirqovlanib turuvdim, endi betob bo‘lib uyg‘ondim. Nazarimda, kuz zulmati deraza oynasini sindirib xonaga quyildi-yu, men xuddi siyohga o‘xshovchi shu zulmatda g‘arq bo‘layotgandek his qila boshladim o‘zimni. Men endi o‘zini eplay olmaydigan noshud odam bo‘lib uyg‘ongan edim. Men chinqirib yubordim, miyamda biron kimsaning, chunonchi yuqori qavatda turuvchi uy sohibining oldiga panoh istab chiqish fikri tug‘ildi. Xuddi telba odamdek o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Nihoyat, pechka oldiga borib, ichiga qalangan o‘tinni yoqib yuborishga qurbim yetdi. O‘tin shitirlab yonib, pechka eshigi sharaqlab yopilgandan keyingina o‘zimni ancha yengil tortganday his qildim… Keyin dahlizga yugurib chiqib, u yerda ham chiroq yoqdim, bir shisha oq vino topib, tiqinini oldimu to‘g‘ri og‘zidan icha boshladim. Natijasida qo‘rquv bir qadar susaydi — shu qadarki, uy sohibining huzuriga yugurmay, pechka oldiga qaytdim. Pechka eshigini lang ochib qo‘yib (olovning tafti yuz-qo‘llarimni kuydirgudek qizdira boshladi), pichirladim:

— Ahvolim og‘irlashganini his qilsang-chi. Tezroq qoshimga kelsang-chi, kel, kel!

Lekin hech kim kelmadi. Pechkada olov gurillab yonar, yomg‘ir derazani savalardi. Shunda eng so‘nggi falokat sodir bo‘ldi. Men stol g‘aladonidan romanimning mashinkada ko‘chirilgan salmoqli nusxalariyu xomaki qo‘lyozmalarim bilan to‘ldirilgan daftarlarni olib, ularni yoqa boshladim. Bu nihoyatda mashaqqatli ish, chunki yozilgan qog‘ozlar uncha yaxshi yonmaydi. Shuning uchun, tirnoqlarimni sindirib bo‘lsa ham, daftarlarni dabdala qilib yirtib, ularni palyonlar orasiga tikkaytirib qo‘yar va kosov bilan titkilardim. Yongan qog‘ozlarning kuli ba’zida olov ustini bosib, meni xunob qilar, lekin men bo‘sh kelmasdim, natijada, romanim ko‘p qarshilik qilib bo‘lsa ham, baribir nobud bo‘la boshladi. Ko‘z oldimda tanish so‘zlar paydo bo‘lar, sahifalar pastdan yuqoriga bir me’yorda sarg‘aya borar, lekin shunda ham so‘zlar ko‘rinib turardi. Ular qog‘oz qoraya boshlagandagina g‘oyib bo‘lardilar, shunda men kosov bilan kavlab ularni yo‘q qila boshlardim.

Xuddi shu payt kimdir derazani ohista tirnadi. Yuragim «shig‘» etib ketdi-yu, oxirgi daftarni olovga tashlab, eshikni ochgani yugurdim. Hovliga ochiladigan eshikka g‘isht pillapoyalardan chiqish kerak edi. Men qoqila-suqila shu eshik tagiga borib ohista so‘radim:

— Kim u?

Tanish ovoz — mahbubamning ovozi javob berdi:

— Menman.

Qanday qilib eshik zanjiri bilan ilgagini tushirdim — bilmayman. U boshdan-oyoq shalabbo, yonoqlari ho‘l, sochlari parishon holda ostona hatlab ichkari kirdi-yu, dag‘-dag‘ titragancha o‘zini quchog‘imga otdi. Men faqat bitta so‘zni takrorlay oldim xolos:

— Sen… sen? — dedimu tovushim chiqmay qoddi, keyin ikkovimiz pastga otiddik. U dahlizda paltosini yechib tashladi, so‘ng biz birinchi xonaga o‘kday otilib kirdik. U ohista chinqirib yuborib, yalang‘och qo‘lini shartta pechkaga tikdida, endi ostidan alanga ola boshlagan oxirgi dasta qo‘lyozmani tortib olib polga tashladi. Shu zahoti butun xona tutunga to‘ldi. Men oyoqlarim bilan tepib olovni o‘chirdim, u esa o‘zini divanga otib, o‘pkasi to‘lib, yum-yum yig‘lay boshladi.

U axiri tinchidi, men gap boshladim:

— Ko‘rarga ko‘zim yo‘q bu romanni, men qo‘rqaman. Betobman. Meni dahshat qamrab olyapti.

U o‘rnidan turib o‘tirib, gapga kirdi.

— Voy, xudoyim, kasal bo‘lib qopsan-u. Nega endi, nega axir? Baribir seni darddan forig‘ qilaman, seni qutqaraman. Bu qanday bedodlik?

Men uning tutun va yig‘idan shishgan ko‘zlarini ko‘rdim, peshanamni silay boshlagan muzdek qo‘llarini his qildim.

— Men seni davolab tuzataman, tuzataman, — deb g‘o‘ldirardi u yuzini yelkamga qo‘yib, — sen hali uni yana tiklaysan. Nega, nega bir nusxasini o‘zim saqlab qo‘ymadim!

U darg‘azab qiyofada tishlarini irjaytirdi, yana allanimalarni gapirdi. Keyin lablarini chirt yumib olib, kuygan varaqlarni terib, tekislay boshladi. Bu — roman o‘rtasidagi bir bob edi. U kuygan varaqlarni avaylab taxlab qog‘ozga o‘radida, ustidan lenta bilan bog‘ladi. Uning butun xatti-harakatida qat’iyat mavjud edi, o‘zini qo‘lga olib olganligi yaqqol ko‘rinib turardi. U vino so‘rab, ichib oldi-da, keyin ancha bamaylixotir gapira boshladi.

— Aldamchilik bilan yashashning oqibati shunaqa voy bo‘ladi, — derdi u, — bo‘ldi, endi hech aldamayman. Hoziroq sen bilan qolgan bo‘lardim-u, lekin bu tarzda ish tutishni xohlamayman. Uyidan tunda qochib ketganimni u doim alam bilan eslab yurishini istamayman. U menga hech qachon, hech qanday yomonlik qilmagan. Uni hozir to‘satdan chaqirtirib qolishdi, zavodlarida yong‘in bo‘lganmish. Lekin u hademay qaytib keladi. Men u bilan ertaga gaplashaman, boshqa odamni sevaman, deb aytaman unga, keyin butunlay sening yoningga kelaman. Qani, ayt, balki bunday qilishimni xohlamassan?

— O, bechoraginam, — dedim unga, — bunday qilishingga yo‘l qo‘ymayman. Ahvolim yana mushkullashadi, shu bois seni ham men bilan birga nobud bo‘lishingni xohlamayman.

Перейти на страницу:

Похожие книги