Yon tomondan sahnaga soqol-mo‘ylovi silliq olingan, sochining o‘rtasidan farq ochilgan, egniga smoking kiygan istarasi issiq yosh bir artist chiqipti. Tomoshabinlar jonlanishib, sahna tomonga o‘girilipti. Shunda artist budka yaqiniga kelib turib, kaftlarini bir-biriga ishqab:

— O‘tiribsizlarmi? — deb so‘rapti mayin bariton ovoz bilan va jilmayib zalga qarapti.

— O‘tiribmiz, o‘tiribmiz, — deb baravariga javob qilishipti zalda chiyillagan va do‘rillagan ovozlar.

— Hm… — depti o‘ychanlik bilan artist, — tavba, jonlaringga tegmadimi-a, hayronman? Aqli raso odamlar hozir bahor oftobidan, iliq havodan bahra olib, ko‘chalarda sayr qilib yurishipti, senlar bo‘lsanglar, bu yerda, qoq yerda dimiqib o‘tiribsanlar! Nahot, programmamiz shu qadar qiziqarli bo‘lsa? Darvoqe, har kimning didi har xil bo‘ladi, — deb faylasufona yakunlapti so‘zini artist.

Keyin u ovozining tembrini ham, ohangini ham o‘zgartirib, yangroq ovoz bilan sho‘x ohangda e’lon qilipti:

— Shunday qilib, programmamizning navbatdagi nomerida uy boshqarmasining raisi va parhez oshxonasi mudiri Nikonor Ivanovich Bosoy sahnaga chiqadi. So‘raymiz, Nikonor Ivanovich!

Artistning gapini zal gulduros qarsaklar bilan kutib olipti. Hang-mang bo‘lib qolgan Niko-nor Ivanovich baqrayib qolipti, konferanse esa sahna oldidagi chiroqlardan ko‘zini kafti bilan to‘sib, zalda o‘tirganlar orasidan uni axtarib to-pipti-da, muloyim jilmayib, barmog‘i bilan uni sahnaga imlab chaqiripti. Shunda Nikonor Ivanovich qanday qilib sahnaga chiqib qolganini o‘zi bilmay qolipti.

Uning ro‘parasidagi va oyog‘i ostidagi chiroqlarning rang-barang shu’lalari ko‘ziga tushgan hamonoq tomoshabin to‘la zal zulmat qa’riga cho‘kib g‘oyib bo‘lipti.

— Qani, Nikonor Ivanovich, bir o‘rnak ko‘rsating-chi, — depti dilkashlik bilan yosh artist, — valyutani topshiring.

Butun zal sukutda emish. Nikonor Ivanovich bir xo‘rsinib qo‘yib, ohista gap boshlapti.

— Xudo ursin, agar…

U aytmoqchi bo‘lgan gapini aytib ulgurmasdan butun zal qahru g‘azab bilan shovqin sola boshlapti. Natijada Nikonor Ivanovich esankirab jim bo‘lib qolipti.

— Fahmimcha, — deb gapira boshlapti programmani boshqarayotgan artist, — siz xudoni o‘rtaga qo‘yib, «valyutam yo‘q» deb ont ichmoqchi bo‘ldingiz, shundaymi? — U Nikonor Ivanovichga hamdardlik bilan boqipti.

— Ha, shunday, yo‘q, — deb javob qilipti Nikonor Ivanovich.

— Unday bo‘lsa, — depti artist, — beadabligim uchun kechirasiz, siz bilan xotiningizdan o‘zga hech kim istiqomat qilmaydigan o‘sha kvartiraning hojatxonasidan topilgan to‘rt yuz dollar qanday borib qolipti u yerga?

— Sehr bilan-da! — debdi shunda kimdir qorong‘i zaldan oshkora kinoya bilan.

— Ha, shunday, sehr bilan, — deb qo‘rqa-pisa javob qilibdi Nikonor Ivanovich, lekin kimga javob qilganini: artistgami yo qorong‘i zalgami — bilib bo‘lmapti. Keyin u javobini izohlapti: — Ins-jins, ya’ni katak kamzul kiygan tarjimon tashlab ketgan.

Zalda yana darg‘azab shovqin ko‘tarilipti. Shovqin gingach esa artist gap boshlapti:

— Mana shunaqa lafontenona masallar ham ijro etilib turadi bu yerda! To‘rt yuz dollarni tashlab ketishganmish! Mana, sizlar hammangiz valyutafurushlarsiz! Sizlar — mutaxassislarsiz, qani ayting-chi — shunday bo‘lishiga aql bovar qiladimi?

— Biz valyutafurushlarmasmiz, — zalning u yer-bu yeridan bitta-yarimta ovoz eshitilipti, — lekin chindanam bunday bo‘lishi mumkin emas.

— To‘la-to‘kis qo‘shilaman, — depti artist qat’iy ohangda, — binobarin, sizlarga savolim bor: masalan, iimani tashlab ketishlari mumkin?

— Bolani! — deb qichqiripti kimdir zaddan.

— Mutlaqo to‘g‘ri, — deb tasdiqlapti artist, — bolani, yumaloq xatni, proklamatsiyani, belgilangan vaqtda portlaydigan bombani, yana ko‘p narsalarni tashlab ketishlari mumkin, ammo to‘rt yuz dollar pulni hech kim tashlab ketmaydi, zero tabiat hech qachon yaratmagan unaqa ahmoqni, — shundan keyin artist Nikonor Ivanovichga yuzlanib, ma’yus malomat bilan ilova qilipti: — siz meni ranjitdingiz, Nikonor Ivanovich! Sizdan juda umidvor edim. Qisqasi, nomerimiz o‘tmadi.

Zalda Nikonor Ivanovichga qarata hushtak chala boshlashipti.

— Uchiga chiqqan valyutafurush u! — deb baqirisharmish zaldan, — mana shunaqalarning kasriga qolib biz begunohlar azob chekyapmiz!

— Koyimanglar uni, — muloyim ohangda depti konferanse, — o‘ziyam pushaymon bo‘lyapti. — So‘ng u g‘ilt-g‘ilt yosh to‘la ko‘m-ko‘k ko‘zlarini Nikonor Ivanovichga qaratib, ilova qilipti: — Mayli, bora qoling joyingizga, Nikonor Ivanovich!

Shundan keyin artist qo‘ng‘iroqchani chalib, baralla ovoz bilan e’lon qilipti:

— Tanaffus, ablahlar!

Hech kutilmaganda bu notanish teatr programmasida qatnashib, esi og‘ib qolgan Nikonor Ivanovich o‘zini yana boyagi poldagi o‘rnida ko‘ripti. Endi uning tushiga butun zalning zim-ziyo bo‘lgani, devorlarda: «Valyutalarni topshiring!» — degan qizil so‘zlar yona boshlagani kiripti. Keyin yana parda ochilib, konferanse:

— Sahnaga Sergey Gerardovich Dunchilni taklif qilaman, — depti.

Dunchil degani ellik yoshlardagi xushbichim, ammo judayam irkit odam emish.

Перейти на страницу:

Похожие книги