Xuddi shu mahal bog‘dan, tir orqasidagi pastak binodan kutilmaganda xo‘rozning shodiyona qichqirig‘i eshitildiki, teatr programmalarida qatnashuvchi parrandalar shu yerga joylashtirilgan edi. Bu o‘rgatilgan dakang xo‘roz Moskvaga sharq yoqdan tong yaqinlashib kelayotganini qichqirib xabar qilgandi.
Ayolning chehrasi vahshiyona g‘azabdan burishib, hirqiroq ovoz bilan so‘kindi, eshik oldida havoda muallaq chayqalib turgan Varenuxa esa chiyillab yuborib, yerga «gurs» etib tushdi.
Xo‘roz yana qichqirgan edi, ayol tishlarini takillatdi, boshida malla soch tolalari tikkaydi. Xo‘roz uchinchi bor qichqirishi bilan u orqasiga o‘girildi-yu, derazadan uchib chiqib ketdi. Uning orqasidan Varenuxa ham bir sakrab, havoda eniga cho‘zildi va xuddi muhabbat tangrisi Kupidon yanglig‘ ohista suzib, yozuv stoli uzra uchib o‘tdi-da, derazadan chiqib ketdi.
Hali yaqinginada Rimskiy deb hisoblangan, endi esa sochida bironta ham qora tola qolmagan mo‘ysafid chol eshik oldiga yugurib bordi, ilgakni tushirib, eshikni ochdi va qop-qorong‘i dahlizdan g‘izillagancha yugurib ketdi. Zinaga buriladigan yerda u qo‘rquvdan ihrab-sihrab vklyuchatelni paypaslab topdi-yu zinani yoritdi. Butun vujudi dag‘-dag‘ titrayotgan chol zinada yiqilib tushdi, chunki nazarida, ustiga Varenuxa ohista bosib tushganday bo‘lgandi.
Pastga chopib tushgan Rimskiy navbatchining vestibyuldagi kassa oldida stulda uxlab o‘tirganini ko‘rdi. U navbatchining yonidan oyoq uchida o‘g‘rincha yurib o‘tib, asosiy eshikdan ko‘chaga chiqdi. Shundagina Rimskiy bir oz yengil tortdi. U shunchalik hushini yig‘ib olgan ediki, qo‘lini boshiga olib borib, hatto shlyapasi kabinetida qolib ketganini ham fahmladi.
Turgan gapki, u shlyapasini olgani qaytib kirmadi, balki halloslagancha keng ko‘chani kesib o‘tib muyulishdagi kinoteatr tomon chopdi, o‘sha yerda taksining xiragina qizg‘ish chirog‘i yonib turganini uzokdan ko‘rgan edi. U bir zumda o‘sha yerga yetib ham oldi. Xayriyat, mashinani hech kim ilib ketmabdi.
— Leningradning kurer poezdiga, choy puli beraman, — dedi qariya yuragini changallangancha hansirab pafas olarkan.
— Garajga ketyapman, — dedi gaofyor g‘ijinib va yuzini teskari o‘girdi.
Shunda Rimskiy portfelidan bitta ellik so‘mlik pul chiqardi-da, mashinaning oldingi ochiq oynasidan shofyorga uzatdi.
Yana bir lahzadan keyin shaldiroq mashina Sadovaya xalqa yo‘lidan quyundek yelib borardi. Passajir orqa xrindiqda damo-dam lik-lik sakrab borarkan, shofyor ro‘parasidagi bir parcha ko‘zguda goh uning shodiyona ko‘zlarini, goh o‘zining telbalarcha ko‘zini ko‘rardi.
Rimskiy vokzal binosi oldida mashinadan otilib chikdi-yu, oldiga oq fartuk tutib, hammollik nishoni taqqan birinchi duch kelgan odamga qichqirdi:
— Birinchi darajali vagon, bitta bilet, o‘ttiz so‘m beraman, — deb portfelidan chervonlarni g‘ijimlab ola boshladi, — birinchi yo‘q bo‘lsa — ikkinchi darajali, agar uyam yo‘q bo‘lsa — borini olaver.
Nishon taqqan odam porlab turgan elektr soatga qarab qo‘yib, Rimskiyning qo‘lidan chervonlarni yulqib oddi.
Yana besh minutdan keyin vokzalning oynavand gumbazi ostidan kurer poezdi o‘kday otilib chikdi va zulmat qo‘ynida g‘oyib bo‘ldi. Shu poezd bilan birga Rimskiy ham dom-daraksiz yo‘qoldi.
O‘n beshinchi bob
NIKONOR IVANOVICHNING TUSHI
Turgan gapki, shifoxonaning 119-xonasiga yotqizilgan basharasi qip-qizil, baqaloq odam Nikonor Ivanovich Bosoy edi.
Biroq u professor Stravinskiyning ixtiyoriga kelmasdan oldin boshqa yerda ham bo‘ldi.
Nikonor Ivanovichning xotirasida o‘sha boshqa yerdan juda oz narsa: faqat yozuv stoliyu shkaf bilan divan qoldi.
Miyasiga quyilgan qondan va qattiq hayajonlanganidan ko‘z oldi xiralashgan Nikonor Ivanovich bilan u srda suhbatlashishdi, ammo suhbat juda g‘alati, poyintar-soyintar bo‘lib chiqdi, to‘g‘rirog‘i, suhbat chiqmadi.
Nikonor Ivanovichga berilgan birinchi savol bunday edi:
— Siz — Sadovaya ko‘chasidagi uch yuz ikkinchi-bis uy komitetining raisi Nikonor Ivanovich Bosoysiz, shundaymi?
Bunga javoban Nikonor Ivanovich dahshatli xoxolab, shunday javob qildi:
— Men Nikonorman, to‘g‘ri, Nikonorman! Lekin qanaqasiga rais bo‘lay?
— Buni qanday tushunish kerak? — deb so‘rashdi Nikonor Ivanovichdan ko‘zlarini qisgancha.
— Aytmoqchimanki, — deb javob qildi u, — agar rais bo‘lganimda, bir qarashdayoq uning shayton ekanligini fahmlagan bo‘lardim! Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring! Pensnesining oynagi darz ketgan… ust-boshi bir holatda-yu… Axir qanaqasiga xorijlik odamning tarjimoni bo‘lishi mumkin?
— Kimni gapiryapsiz o‘zi? — deb so‘rashdi Nikonor Ivanovichdan.
— Korovyovni-da! — deb chinqirdi Nikonor Ivanovich, — uyimizning elliginchi kvartirasini egallab olgan u! Yozing! Korovyov. Darhol qo‘lga olish kerak uni! Yozing! Oltinchi pod’ezd. U o‘sha yerda.
— Valyutani qaerdan olding? — deb muloyim ohangda so‘rashdi Nikonor Ivanovichdan.