— Sergey Gerardovich, — deb yuzlanipti konferanse shu odamga, — mana, bir yarim oydirki, qo‘lingizda qolgan valyutalarni topshirishdan qat’iyan bosh tortib bu yerda qiynalib o‘tiribsiz, holbuki, mamlakat ularga muhtoj, sizga esa ularning aslo hojati yo‘q, shunga qaramay, siz qaysarligingizni qo‘ymayapsiz. O‘zingiz ziyoli odamsiz, hamma narsaga juda yaxshi tushunasiz-u, shunga qaramay, menga yordam qilishni xohlamayapsiz.
— Taassufki, hech ilojim yo‘q, zero menda boshqa valyuta qolmagan, — deb bamaylixotir javob qilipti shunda Dunchil.
— Hech bo‘lmasa, brilliantlaringiz bordir? — deb so‘rapti artist.
— Brilliantlar ham yo‘q.
Artist boshini xam qilgancha bir oz o‘ylanib turipti-da, keyin bir marta chapak chalipti. Sahnaning yon tomonidan moda bo‘yicha kiyingan, ya’ni yoqasiz palto va kichkinagina shlyapa kiygan o‘rta yoshlardagi bir xonim chiqipti. U juda tashvishli ko‘rinarmish, Dunchil bu xonimga sovuqqina qarab qo‘yipti.
— Kim bu ayol? — deb so‘rapti artist Dunchildan.
— U mening xotinim, — deb viqor bilan javob qaytaripti Dunchil va xonimning uzun bo‘yniga xiyol ranj bilan tikilipti.
— Biz sizni, Dunchil xonim, — deb yuzlanipti konferanse xonimga, — bir masala yuzasidan bezovta qilishga jur’at etdik: biz sizdan, eringizda yana valyuta bormi, deb so‘ramoqchi edik.
— O‘shanda u hammasini topshirgan edi, — hayajonlanib javob qilipti Dunchil xonim.
— Yaxshi, — depti artist, — hay, unday bo‘lsa, yaxshi. Agar hammasini topshirgan bo‘lsa, nachora, unda biz darhol Sergey Gerardovich bilan vidolashmog‘imiz kerak! Istasangiz, teatrni tark etishingiz mumkin, Sergey Gerardovich, — shunday deb artist shohona muruvvat qilipti.
Dunchil esa salobat va viqor bilan orqasiga o‘girilib, sahna ichkarisi tomon yura boshlapti.
— Yana bir minut sabr qilsangiz! — deb uni to‘xtatipti shunda konferanse, — vidolashishimiz oldidan sizga programmamizda yana bir nomer ko‘rsatishga ijozat bersangiz, — shunday deb u yana chapak chalipti.
To‘rdagi qora parda surilib, sahnaga bal ko‘ylagi kiygan yoshgina bir sohibjamol qiz qo‘lida oltin patnis ko‘tarib chiqipti, patnisda konfet lentasi bilan bog‘langan qalin bir dasta pul va brilliant marjon otganmishki, undan sahnaning har tomoniga damo-dam yashil, sariq, qizil uchqunlar chatnarmish.
Dunchil bir qadam orqasiga tisarilibdiyu rangi dokadek oqarib ketipti. Zal churq etmay qolipti.
— O‘n sakkiz ming dollarni va oltin pulda qirq ming turadigan bu marjonni, — deb tantanavor e’lon qilipti artist, — Sergey Gerardovich Xarkov shahridagi o‘z ma’shuqasi — hozir siz bilan biz ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan Ida Gerkulanovnaning kvartirasida saqlab kelganki, aslida bebaho, ammo xususiy shaxs qo‘lida befoyda bo‘lgan bu ulkan boylikni topishda bizga lutfan ko‘maklashgan Ida Gerkulanovnaga mingdan-ming rahmat aytamiz.
Sohibjamol qiz jilmaygan ekan, tishlari yaraqlab ketipti, uzun kipriklari bir yelpinib ko‘yipti.
— Ammo siz, — deb endi artist Dunchilga yuzlanipti, — garchi sirtingizdan xushfazilat odam ko‘rinsangiz ham, aslida ochko‘z bo‘ri, badfe’l va uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansiz. Siz shu bir yarim oy mobaynida ahmoqona o‘jarligingiz bilan hammani qoniga tashna qildingiz. Uyingizga boravering endi, xotiningiz boshingizga soladigan jahannam azobi — qilgan jinoyatingizga monand jazo bo‘la qolsin.
Shunda Dunchil bir chayqalib, yiqilib tushayozgan ekan, kimdir rahm qilib, qo‘ltig‘idan olipti. Xuddi shu payt oldparda «shir» etib tushib, sahnadagilarning barini ko‘zdan yashiripti.
Nikonor Ivanovichning nazarida, zalni larzaga keltirgan gulduros qarsaklardan qandil chiroqlari «lik-lik» sakray boshlaganday bo‘lipti. Oldingi qora parda yuqoriga ko‘tarilganda sahnada endi yolg‘iz artistdan boshqa hech kim qolmaganmish. Yana boshlangan qarsak sadosini bo‘lib, artist zalga ta’zim qilipti va shunday gap boshlapti:
— Dasturimizda qatnashgan boyagi Dunchil qiyofasida siz oddiy bir eshakni ko‘rdingiz. Axir kecha men, maxfiy tarzda valyuta saqlash — g‘irt bema’nilikdir, deb aytish sharafiga muyassar bo‘lgan edim-ku. Sizlarni ishontirib aytamanki, hech kim, hech qachon u valyutadan foydalana olmaydi. Misol uchun o‘sha Dunchilni olaylik. U juda katta maosh oladi, hech narsaga muhtoj emas. Uning shohona kvartirasi, xotini, yana sohibjamol o‘ynashi ham bor. Buni qarangki, valyuta bilan qimmatbaho toshlarni hukumatga topshirib, har qanday ko‘ngilsizliklarni boshidan soqit qilish, tinchgina, halovatda yashash o‘rniga, bu manfaatparast galvars oxiri hammaning ko‘zi oldida o‘z oyog‘i bilan sharmandalik botqog‘iga botdi, siyloviga yana hali uyida boshida tayoq sinadigan bo‘ldi. Xo‘sh, qani, kim topshiradi? Xohlovchilar yo‘qmi? Unday bo‘lsa, navbatdagi nomerimizda — programmamizga maxsus taklif qilingan iste’dodli va taniqli dramatik artist Savva Potapovich Kurolesov shoir Pushkinning «Xasis ritsar» fojiasidan parcha o‘qib beradi.
Nomi zikr etilgan Kurolesov bir zum ham kutdirmay, sahnada paydo bo‘lipti, bu egniga frak kiyib, oq galstuk bog‘lagan, sochi ustarada olingan norg‘il va semiz odam emish.