Chunki uyqusida bosinqirayotgan Nikonor Ivanovichning yelkasiga shu ayol ohista turta boshlagan edi. Shunda birdan oshpazlar gumdon, teatr va uning pardasi g‘oyib bo‘ldi. Nikonor Ivanovich yosh to‘la ko‘zini ochib, shifoxonadagi o‘z xonasini, maslahat beraverib hammani bezor qilgan surbet oshpazlarni emas, oq xalat kiygan ikki odamni, ya’ni doktor bilan qo‘lida tovoq emas, ustiga doka yopilgan shpritsli tarelka ushlagan Praskovya Fyodorovnani ko‘rdi.

— Axir bu nima degan gap, — achchiq alam bilan derdi Nikonor Ivanovich unga ukol qilishayotgan chog‘da, — yo‘q, axir u menda yo‘q! Pushkin bersin ularga valyutani. Yo‘q!

— Ha, yo‘q, yo‘q, — deb yupatardi uni saxovatli Praskovya Fyodorovna, — yo‘qni yo‘ndirib bo‘larmidi.

Nikonor Ivanovich ukoldan keyin ancha yengil tortib, endi hech qanday tush ko‘rmay uxlab ketdi.

Lekin uning baqiriqlari oqibatida vujudga kelgan vahima 120-xonaga o‘tib, u yerda yotgan bemorni uyg‘otib yubordi (bu bemor tura solib, o‘z boshini qidirishga tushdi) va 118-xonaga kirib, noma’lum us-taning qalbini g‘ulg‘ulaga soldi. U hasrat to‘la ko‘zlarini oyga tikarkan, hayotidagi kuzning oxirgi nadomatli oqshomini, podvaldagi xonasi eshigi ostidan tushib turgan shu’lani va mahbubasining yelpingan soch tolalarini esladi.

Vahima 118-xonadan balkon osha Ivanning xonasiga uchib o‘tdi-yu, u uyg‘onib ketib, yig‘lab yubordi.

Lekin vrach bezovta bo‘la boshlagan bu notavonlarni birpasda yupatdi va ular yana uxlab ketishdi. Hammadan keyin, daryo uzra tong yorisha boshlaganda, Ivan ham mizg‘ib ketdi. Dori uning butun vujudini xuddi dengiz to‘lqini ko‘mib yuborgandek qamrab olgach, u taskin topdi. Jismi yengillashdi, boshi esa mudroqning iliq shabadasidan halovat topdi. U uyquga ketarkan, qulog‘iga chalingan eng so‘nggi saslar — o‘rmondagi qushlarning tong oldi chug‘ur-chug‘uri bo‘ldi. Lekin hademay ularning ovozi o‘chib, Ivan tush ko‘ra boshladi. Tushida Taqir Tepa uzra quyosh endi mag‘ribga og‘a boshlagan va uning gir aylanasi ikki qavatlama o‘rab olingan edi.

<p>O‘n oltinchi bob</p><p>QATL</p>

Taqir Tepa uzra quyosh endi mag‘ribga og‘a boshlagan va uning gir aylanasi ikki qavatlama o‘rab olingan edi.

Choshgohda prokuratorning yo‘lini kesib yelib o‘tgan otliq qo‘shin shaharning Xevra darvozasiga chiqdi. Uning uchun keta-ketguncha yo‘l ochiq edi. Kappadokiya piyodalari tirband bo‘lib ketgan yo‘lni ochib, odamlar, xachirlaru tuyalarni ikki tomonga siqib chiqargan, shu sababli qo‘shin otlarni bemalol choptirib, oppoq chang quyunini osmoni falakka o‘rlatgancha, Vifleem yo‘li bilan Yaffa yo‘li bir-birini kesib o‘tgan chorrahaga chiqqan edi. Keyin u shimoli-g‘arbiy yo‘ldan shamoldek yelib ketdi. Bundan sal oldin, yo‘lning ikki yoqasiga yoyilgan boyagi Kappadokiya piyodalari uni Yershalaimga bayramga kelayotgan karvonlardan tozalashga ulgurgan edilar. Ziyoratchilar yelkalariga ortmoqlagan safar chodirlarini maysa ustiga tashlashib, yo‘l yoqalab tizilishgan Kappadokiya piyodalari orqasida to‘p-to‘p bo‘lib turishardi. Otliq qo‘shin bir chaqirimcha yo‘l bosib, shiddatli legionning ikkinchi kohortasidan ham o‘zib ketdi va yana bir chaqirim yo‘l bosib, Taqir Tepa poyiga birinchi bo‘lib yetib bordi. Bu yerda qo‘shin otlardan tushdi. Komandir qo‘shinni vzvodlarga bo‘ldi, vzvodlar esa uncha baland bo‘lmagan bu tepaning faqat Yaffa yo‘liga to‘g‘ri bo‘lgan ozgina joyini ochiq qoldirib, qolgan hamma etagini gir aylantirib o‘rab oldi.

Otliqlardan keyin sal vaqt o‘tishi bilan tepa etagiga ikkinchi kohorta ham yetib kelib, tepaga bir pog‘ona yuqori ko‘tarildi va u ham tepa atrofini gar-dishsimon o‘rab oddi.

Nihoyat Mark Kalamushkush qo‘mondonligidagi kenturiya yetib keldi. U yo‘lning ikki chetini yoqalab turnaqator tizilib kelar, yo‘l o‘rtasida esa maxfiy soqchilar nazorati ostida aravada o‘limga mahkum bo‘lgan va bo‘yinlariga aramey va yunon tilida «Qaroqchi va isyonchi» deb yozilgan oq taxtachalar osilgan uchta mahbus borardi. Bu arava orqasidan yangi yo‘nilgan to‘sinli ustunlar, arqonlar, belkuraklar, chelaklaru boltalar ortilgan boshqa aravalar kelardi.

Bu aravalarda yana olti nafar jallod ham bor edi. Aravalar orqasidan kenturion Mark, Yershalaim ibodatxonalari soqchilarining sardori hamda boya shoh qasridagi qorong‘i xonada Pilat bilan qisqa muddatli suhbat olib borgan qaytarma qalpoqli rido kiygan o‘sha odam ot minib borishardi. Bu marosim saf tortib kelayotgan lashkar bilan yakunlanib, uning orqasidan alomat tomoshani ko‘rish ishtiyoqida do‘zax o‘tidek jazirama kun taftidan ham tap tortmagan ikki mingga yaqin bekorchi kelardi.

Shahardan ergashib chiqqan bu tomoshatalablar safiga endi yo‘lda uchragan sinchkov ziyoratchilar ham qo‘shilishib, hammalari izdihomga bemalol ergashib kelaverdilar. Mana shu uzundan-uzun olomon to Taqir Tepaga yetib borgunicha jarchilar boya choshgoxda Pilat shohsupada turib aytgan so‘zlarini chinqiroq ovoz bilan qayta-qayta takrorlab bordilar.

Перейти на страницу:

Похожие книги