— Yerto‘lada, Eynem qutisiga solib qo‘yganman… Artist «tavba» demoqchi bo‘lganday, qo‘llarini bir-biriga uripti.
— Hech ko‘rganmisiz o‘zi bunday be’manigarchilik-ni? — deb chinqiripti u xunob bo‘lib. — Axir u yerda pullar nam tortib, mog‘orlab ketadi-ku! Axir qanday ishonib topshirish mumkin bunaqalarga valyutani? A? Xuddi go‘dak bolaga o‘xshashadi-ya, azbaroyi xudo!
Kanavkinning o‘zi ham, nopok yo‘l bilan boylik to‘plab, xatoga yo‘l qo‘yganini endi tushunib, paxmoqsoch boshini xam qilib turganmish.
— Pul, — deb gapida davom etipti artist, — xolalarning kalamush kemirib rasvo qilishi mumkin bo‘lgan yerto‘lasida emas, balki davlat bankida, juda puxta qo‘riqlanadigan maxsus xonalarda saqlanishi lozim! Uyat sizga, Kanavkin! Axir, kap-katta odamsiz-a.
Kanavkin xijolatdan o‘zini qo‘yarga joy topa olmay, hadeb barmog‘i bilan kamzulining hoshiyasini tirnarmish.
— Ha, yaxshi, — depti artist jahlidan tushib, — o‘tgan ishga salavot… — Keyin kutilmaganda shunday ilova qilipti: — Ha, darvoqe: bir borishning o‘zida, haligi… mashinani ikki marta ovora qilib o‘tirmaslik uchun… o‘sha xolangizning o‘zidayam bo‘lsa kerak? A? Ishning bu qadar chappasidan ketishini hech kutmagan Kanavkinning eti jimirlab ketipti, butun teatr sukutga tolipti.
— Ie, ha, Kanavkin?! — depti konferanse muloyim ta’na bilan, — sizni odamlarga maqtab o‘tiribman-a! Ana xolos, nima hojati bor edi sullohlik qilishning! Yaxshi emas, Kanavkin! Hozirgina ko‘z haqida gapirgan edim-a. Ana, ko‘zingizdan ko‘rinib turipti xolangizdayam borligi. Ayting-qo‘ying-da, muncha qiynaysiz bizni?
— Bor! — depti Kanavkin dangal qichqirib.
— Bravo! — deb yuboripti konferanse.
— Bravo, — deyishipti odamlar butun zalni larzaga keltirib.
Zal tinchigach, konferanse Kanavkinni tabriklab qo‘lini siqipti, uning shaharga, o‘z uyiga ketishi uchun mashina taklif qilipti va sahna orqasida turgan qaysiyam bir odamga, aynan shu mashinada Kanavkinning xolasinikiga borib, uni ayollar teatridagi programmaga taklif qilishni buyuripti.
— Ha-ya, yana bir narsani so‘ramoqchi edim — xolangiz o‘z boyligini qaerga yashirgani haqida sizga gapirmaganmidi? — deb so‘rapti konferanse Kanavkinga lutfan papiros taklif qilib, gugurt chaqib tutarkan. Kanavkin papiros tutatarkan, ma’yus jilmayib qo‘yipti.
— Ishonaman, ishonaman, — depti artist xo‘rsinib, — qurumsoq kampir nainki jiyaniga — shaytonga ham aytmaydi sirini. Hay, na chora, uning qalbida odamgarchilik hissini uyg‘otishga urinib ko‘ramiz. Shoyad uning sudxo‘rlik qalbida bitta-yarimta chirimagan tor qolgan bo‘lsa. Xo‘p, salomat bo‘ling, Kanavkin!
Shundan keyin baxtiyor Kanavkin jo‘nab ketipti. Artist, valyuta topshirishni xohlaganlar yana bormi, deb so‘ragan ekan, biroq sukut javob bo‘lipti unga.
— Tentaksizlar, xudo haqqi! — deb kiftlarini uchiripti artist. Shu payt parda tushib uni yashiripti.
Chiroqlar o‘chib, bir oz vaqt hammayoq zulmatga cho‘mgach, shu zulmat qo‘ynida juda uzoqdan bir tenor ovozning asab bilan kuylagani eshitilipti:
«Unda oltin tog‘-tog‘ uyulgan va hammasi menga buyurgan!»
Keyin uzoq bir yerdan ikki marta qarsakbozlik eshitilipti.
— Ayollar teatridayam bitta oyimcha topshiryapti, — deb birdan tilga kiripti Nikonor Ivanovichning mallasoch, paxmoq soqol qo‘shnisi va bir xo‘rsinib qo‘yib ilova qilipti: — Eh, agar g‘ozlarim bo‘lmagan-da edi! Lianozovada, azizim, mening urishqoq g‘ozlarim bor. Mensiz qirilib ketishmasaydi, deb qo‘rqaman. Jangari qush nozik bo‘ladi, parvarish talab qiladi… Eh, g‘ozlarim bo‘lmaganda-yu!.. Pushkin bilan meni avrab bo‘psanlar, — shunday deb u yana xo‘rsinib qo‘yipti.
Shu mahal zal charog‘on bo‘lib yorishib ketipti-yu, Nikonor Ivanovichning tushida endi hamma eshiklar-dan zalga oq qalpoq kiyib, cho‘mich ushlagan oshpazlar kirib kela boshlapti. Oshpaz shogirdlari esa yog‘och bochkada suyuq osh bilan yassi qutida kesilgan qora non olib kirishipti. Tomoshabinlarga jon kiripti. Quvnoq oshpazlar tomoshabinlarni oralab yurib, ularning tovoqlariga suyuq osh suzishar, ion ulashisharmish.
— Ovqatlaninglar-u, yigitlar, — deb qichqirisharmish ular, — keyin valyutalaringaznn topshiringlar! Nima qilasizlar bu yerda bekorga vaqtinglarni o‘tkazib? Nima, zormyasizlar shu shildir sho‘rvaga? Undan ko‘ra, uyingizga borib, keragicha otib olib, miriqib gazak qilganlaring yaxshimasmi!
— Mana, masalan, sen boboy, nima qilib yalpayib o‘tiribsan? — deb shaxsan Nikonor Ivanovichga yuzlanipti bo‘yni xo‘rozning toji kabi qip-qizil, xo‘ppa-semiz oshpaz unga bittagina karam bargi suzib yurgan bir tovoq yovg‘on sho‘rva uzatarkan.
— Yo‘q! Yo‘q! Io‘q menda valyuta! — jon-jahdi bilan baqiripti Nikonor Ivanovich. — Tushunyapsan-chi, yo‘q!
— Yo‘q? — deb o‘kiripti oshpaz do‘rillagan ovoz bilan, so‘ng: — Yo‘q? — deb so‘rapti u zaifona muloyim ovoz bilan, keyin: — Yo‘q, yo‘q, — deb tasalli bera boshlapti u feldsher ayol Praskovya Fyodorovna qiyofasiga kirib.