Qaytarma qalpoqli odam ustunlardan sal nariroqda uch oyoqli kursida qimir etmay beparvo o‘tirarkan, zerikkanidan ahyon-ahyonda qo‘lidagi cho‘p bilan yer chizib qum kavlardi.

Endi tepani qurshab olgan ikki halqa orasida bironta ham odam qolmagandi, degan gapga kelsak, bu unchalik to‘g‘ri emas. Bu yerda bitta odam qolgan edi, lekin uni ko‘pchilik ko‘rmagan edi. U tepa boshiga chiqadigan ochiq yo‘l tomonda emas (aynan shu tomondan qatl manzarasini kuzatish qulay edi), balki uning chiqishga noqulay va notekis bo‘lgan, ko‘p yerlari o‘prilgan, yorilgan shimoliy yonbag‘riga, qovjiray boshlagan anjir daraxti bir zov labida xudo qarg‘agan qaqroq yerga yopishib jon saqlayotgan yerga joylashgan edi.

Qatl ishiga daxli bo‘lmagan mana shu yagona tomoshabin qatl boshlangan chog‘dan, ya’ni salkam to‘rt soatdan buyon, deyarli hech soya bermaydigan shu anjir ostida bir xarsangtosh ustida o‘tirardi. To‘g‘ri, qatlni kuzatish uchun u noqulay joy tanlagan edi. Lekin, har qalay mahkumlar bog‘lapgan ustunlar, shuningdek, kenturionning ko‘ksidagi yaraqlab turgan ikkita qalqoncha ham askarlar tizmasi orasidan unga yaqqol ko‘rinib turardiki, odamlar ko‘ziga tashlanmaslikka va hech kimni bezovta qilmaslikka uringan kishi uchun shu manzaraning o‘zi kifoya edi chamasi.

Lekin u bundan to‘rt soatcha burun, ya’ni qatl boshlanayotgan chog‘da tamomila boshqacha harakat qilib, sal bo‘lmasa o‘zini sezdirib qo‘yayozgan edi, shuning uchun bo‘lsa kerak, endi o‘z atvorini o‘zgartirib, xilvatga chekingan edi.

Bu yerda u qatl marosimi endigina tepa boshiga ko‘tarilgan paytda paydo bo‘lgandi, uning shoshilib kelganligi yaqqol sezilib turar, og‘ir-og‘ir hansirardi. U tepalikka yurib emas, yugurib chiqdi, odamlarni turtib oldinga o‘tdi va tepa bag‘irlab yoyilgan askarlar tizmasi nainki uning, butun olomonning oldini to‘sib olganini ko‘rib, o‘zini ovsarlikka soldi, eng odmi usulni qo‘llab, g‘ijingan askarlarning «hoy-hoy» lashiga tushunmayotgan odamday, to‘ppa-to‘g‘ri qatl maydoniga askarlar safini yorib o‘tmoqchi bo‘ldi. Bu qilmishi uchun u nayzaning to‘mtoq tomoni bilan ko‘kragiga zarba yedi va og‘riq alamidan emas, umidi puchga chiqqanidan chinqirib yuborib, orqaga tisarildi. U jismoniy og‘riqni his qilmaydigan, mutlaqo loqayd odamday xira ko‘zlari bilan zarba urgan legionerga bir qarab qo‘ydi.

So‘ng ko‘kragini changallab «quv-quv» yo‘talgancha, halloslab, tepani gir aylanib chiqdi, u tepaning shimol tomonida qatl maydoniga sezdirmay o‘tib olsa bo‘ladigan biron tirqish topilsa kerak deb umid qilgan edi. Ammo u kechikkan — halqa yopilgan edi. Shunda og‘ir iztirobdan afti bujmayib ketgan bu odam aravalardan ustun va to‘sinlar tushirilayotgan yerga yorib o‘tish niyatidan voz kechdi. Chunki bu urinishidan hech naf chiqmas, bil’aks o‘zi qo‘lga tushib qolishi mumkin edi, vaholanki, aynan shu butun qo‘lga tushish uning rejasiga zid edi.

Shunga ko‘ra u o‘zini chetga olib, o‘pqon bo‘yiga bordi, bu yer tinch, hech kim unga xalal bermasdi.

Oftob nuridan va uyqusizlikdan ko‘zlari yiringlashgan bu qora soqol odam endi tosh ustida xomush o‘tirardi. U goh aslida zangori tusda bo‘lgan-u, sargardonlikda yuraverib isqirt-ko‘kimtir tus olgan uvada tallifini ko‘tarib, loyqa ter oqib tushayotgan ko‘kragining nayza zarbidan mo‘mataloq bo‘lgan yerini ochib xo‘rsinar, goh ko‘zlarini azob bilan osmonga qaratib hademay ziyofat bo‘lishini sezib samoda qanotlarini keng yozgancha ko‘pdan beri charx urib ay-lanayotgan uchta quzg‘unni kuzatar, goh umidsiz nigohini sarg‘aygan yerga tikib, oyog‘i ostida chiriy boshlagan it boshchanog‘i va uning atrofida zir yugurib yurgan kaltakesaklarga tikilib o‘tirardi.

Bu odam shu qadar qattiq iztirobda ediki, ba’zida u o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshlardi.

— O, men ahmoq! — deb g‘o‘ldirardi u tosh ustida ruhan azob chekib chayqalib o‘tirarkan, — tentakman, ovsar xotinman, qo‘rqoqman! Odam emas, bir o‘limtik-man!

U boshini xam qilib jim qolar, keyin yog‘och obdonidagi ilib qolgan suvdan ho‘plab, yana tetiklanardi-da, goh tallifi ostiga yashirgan pichoqni, goh qarshisida, yerda cho‘pqalam bilan siyohdon yonida yotgan bir parcha pergamentni qo‘liga olardi.

Bu pergamentga hozir shunday so‘zlar yozilgan edi:

«Daqiqalar o‘tib bormoqda, men, Leviy Matvey Taqir Tepadaman-u, ammo o‘limdan hamon darak yo‘q!»

Keyin yana:

«Quyosh og‘a boshladi, lekin o‘limdan darak yo‘q».

Endi Leviy Matvey umidsizlikka tushib, o‘tkir cho‘pqalam bilan quyidagi so‘zlarni yozdi:

«E xudo! Namuncha unga qahhorlik qilmasang? Tezroq jonini ol sho‘rlikning».

Shularni yozib bo‘lib, ko‘z yoshsiz piqillab yig‘ladi va yana tirnoqlari bilan ko‘ksini tirnab jarohatlay boshladi.

Перейти на страницу:

Похожие книги