— Ich, ichvor. Qo‘rqyapsanmi? Yo‘q, yo‘q, gapimga ishon, yordam qilishmoqchi senga.

Bemor stakanni olib, undagi suyuqlikni ichib yubordi, lekin qo‘li qaltirab, stakan oyog‘i ostiga tushib, chil-chil sindi.

— Yaxshilikka! Yaxshilikka! — deb pichirladi Korovyov Margaritaning qulog‘iga, — qarang, u o‘ziga kela boshladi.

Darhaqiqat, bemorning nigohidagi yovvoyilik va bejolik yo‘qola boshlagan edi.

— Senmisan, Margo? — deb so‘radi oy yog‘dusida namoyon bo‘lgan mehmon.

— Albatta, menman, — deb javob qildi Margarita.

— Yana! — deb buyurdi Voland.

Usta ikkinchi stakanni bo‘shatgandan keyin ko‘zlari jonlanib, ma’noli boqa boshladi.

— Ana bu boshqa gap, — dedi Voland ko‘zlarini suzib boqarkan, — endi suhbatlashamiz. Kimsiz?

— Endi men hech kim emasman, — dedi usta, shunday deb tirjaygan edi, og‘zi qiyshayib ketdi.

— Hozir qaerdan keddingiz?

— Hasrat uyidan. Men — jinniman, — dedi mehmon.

Bu gapni eshitgan Margarita chiday olmay yana yig‘lab yubordi. Keyin ko‘z yoshlarini artib, chinqirib dedi:

— Qanday mudhish so‘zlar! Mudhish so‘zlar! Messir, sizga shuni aytishim kerakki, bu — usta. Uni darddan forig‘ qiling, mehnatingiz zoe ketmaydi.

— Siz kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi, — deb so‘radi Voland mehmondan, — hozir kimning huzurida o‘tiripsiz?

— Bilaman, — deb javob qildi usta, — jinnixonada Ivan Bezdomniy degan bola yon qo‘shnim edi. O‘sha gapirib beruvdi siz haqingizda.

— E-ha, to‘g‘ri, to‘g‘ri, — dedi Voland, — men u yigitcha bilan Patriarx ko‘li bo‘yida uchrashish baxtiga musharraf bo‘lganman. U sal bo‘lmasa meni ham jinni qilib qo‘yayozgan edi, meni yo‘q deb isbotlashga urinib! Ammo siz ishonarsiz, albatta, bu — chindanam men ekanligimga?

— Ishonishga to‘g‘ri keladi, — dedi usta, — lekin, ochig‘i, sizni qoraxayol1 samarasi deb hisoblash tinchroq bo‘lardi. Meni afv eting, — deb ilova qildi usta birdan hushini yig‘ib olib.

— Ha, yaxshi, tinchroq bo‘lsa, shunday deb hisoblayvering, — dedi Voland muloyimlik bilan.

— Yo‘q, yo‘q, — dedi qo‘rqib ketgan Margarita ustaning yelkasidan ushlab silkitarkan, — esingni yig‘! Ro‘parangda o‘tirgan chindanam o‘sha!

Mushuk bu yerda ham oraga suqildi:

— Mana, men chindanam qoraxayolga o‘xshayman. Oy shu’lasida yon tomonimdan qarang, — mushuk oy yog‘dusidan paydo bo‘lgan uzunchoq yo‘lakka borib turdi va yana bir nima demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edi, lekin «ovozingni o‘chir» deb buyurishdi unga, shunda u: — Yaxshi, yaxshi, ovozimni o‘chirdim. Men gung qoraxayol bo‘laman, — dedi va jim qoldi.

— Ayting-chi, nega sizni Margarita usta deb ataydi? — so‘radi Voland.

Usta miyig‘ida kulib javob qildi:

— Uning bu raftorini ma’zur ko‘ring. U men yozgan romanni juda yuksak baholagan edi.

— Romaningiz nima haqda?

— Pontiy Pilat to‘g‘risida.

Shunda shamlarning olov tillari yana tebranib, yelpina boshladi, stoldagi idishlar zirillab ketdi. Voland misoli momaqaldiroqdek qah-qah urib kuldi, ammo uning bu qahqahasidan hech kim cho‘chimadi ham, ajablanmadi ham. Begemot negadir chapak chalib yubordi.

— Nima, nima haqda? Kim haqda? — dedi Voland kulishdan to‘xtab. — Shu zamonda-ya? Voajabo! Nima, boshqa mavzu topilmadimi? Qani, ko‘raylik-chi, — Voland kaftini yuqoriga qilib qo‘lini cho‘zdi.

— Afsuski, sizga uni ko‘rsatolmayman, — deb javob qiddi usta, — chunki men uni pechkaga qamab yoqib yuborganman.

— Kechirasiz-u, ishonmayman bunga, — dedi Voland, — bu mumkin emas. Qo‘lyozmalar yonmaydi. — U Begemot tomonga o‘girilib dedi: — Qani, Begemot, uzat bu yoqqa romanni.

Mushuk stuldan «dik» etib turgan edi, hamma uning dasta-dasta qo‘lyozmalar ustida o‘tirganini ko‘rdi. Mushuk eng ustki nusxani ta’zim bilan Volandga uzatdi. Margarita yana hayajondan yig‘lab yuborgudek bo‘lib, dag‘-dag‘ titragancha chinqirib yubordi:

— Ana qo‘lyozmang! Ana u!

U Voland istiqboliga tashlanib zavq-shavq bilan dedi:

— Siz har narsaga qodirsiz, qodirsiz!

Voland qo‘lyozmani olib aylantirib ko‘rdi, so‘ng uni bir chetga qo‘yib, indamay, jiddiy qiyofada ustaning yuziga tikildi. Lekin usta negadir tashvishlanib, bezovta bo‘la boshladi, stuldan turib, qo‘llarini qisirlatdi, vujudi dag‘-dag‘ qaltirab olis fazodagi oyga yuzlangancha g‘o‘ldiray boshladi:

— Hatto oydin kechada ham menga tinchlik yo‘q, nega axir oromimni buzdinglar? Yo tangrilar, tangrilar…

Margarita ustaning egnidagi kasalxona xalatini mahkam changallab olib, o‘zini uning bag‘riga bosdi va yig‘i aralash hasrat bilan g‘o‘ldiradi:

— E, xudo, nega, axir, dori senga kor qilmayapti?

— Hechqisi yo‘q, parvo qilmang, — deb pichirlardi Korovyov usta atrofida parvona bo‘larkan, — hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q… Yana bir stakan ichvoring, men ham sizga ulfat bo‘laman.

Bu galgi stakan oy yog‘dusidan yaraqlab ustaga ko‘z qisganday bo‘ldi va unga yordam berdi. Ustani yana joyiga o‘tqazishdi, bemorning chehrasida endi xotirjamlik alomatlari paydo bo‘lgandi.

— Mana, endi hamma narsa ravshan, — dedi Voland va uzun barmog‘i bilan qo‘lyozmaga «to‘q-to‘q» urib qo‘ydi.

Перейти на страницу:

Похожие книги